Ilon Mask dunyoda boyligi 1 trillion dollardan oshgan ilk insonga aylandi
Iyun 12, 2026. 15:30 • 2 daq
• 74
VASHINGTON, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Yirik tadbirkor Ilon Mask dunyoda boyligi 1 trillion AQSH dollaridan oshgan ilk insonga aylandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Reuters” agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, boylikning keskin o‘sishi “SpaceX” kompaniyasi aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtiruvi (IPO) ortidan yuz bergan. Bu kompaniyaga 75 milliard dollar keltirgan va Maskning sarmoyasi 1,1 trillion dollardan oshgan.
Mazkur joylashtiruv texnologiya sektoridagi eng yiriklaridan biri bo‘lib, 2030-yilgacha Marsga odam yuborishni rejalashtirayotgan Ilon Mask loyihalariga sarmoyadorlarning qiziqishi yuqori ekanini ifodalaydi.
Ta’kidlash joizki, IPOgacha “Forbes” tadbirkorning boyligini taxminan 780 milliard dollarga baholagan edi. Aktivlar qiymati qayta ko‘rib chiqilib, “SpaceX” aksiyalari savdosi boshlanganidan so‘ng, uning sarmoyasi sezilarli darajada oshdi.
Mask boyligining asosiy manbai “SpaceX” bo‘lib qolmoqda. Uning kompaniyadagi ulushi taxminan 866 milliard dollarga baholanadi. Boylikning salmoqli qismini elektromobil ishlab chiqaruvchi “Tesla” aksiyalari va boshqa aktivlar tashkil etadi. So‘nggi yillarda tadbirkorga qo‘shimcha e’tiborni 2022-yilda “Twitter” ijtimoiy tarmog‘ining 44 milliard dollarga sotib olinishi jalb qildi.
Ilon Mask jahon biznesida eng ko‘p muhokama qilinadigan shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda. Tarafdorlari uni iqtisodiyotning butun tarmoqlarini o‘zgartirayotgan novator deb atasa, tanqidchilar ta’sirning haddan tashqari yuqori darajada jamlangani va kompaniyalarni boshqarishning munozarali usullariga e’tibor qaratadi.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, “Tesla”ning muvaffaqiyati jahon avtomobil sanoatining elektromobillarga o‘tishini tezlashtirgan asosiy omillardan biriga aylandi. Kompaniyaning bozor qiymati allaqachon 1 trillion dollardan oshgan.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi