O‘zbekiston delegatsiyasi Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati rahbariyati hamda mehnat migratsiyasi va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazdi

Iyun 12, 2026. 15:22 • 3 daq

114

TOSHKENT, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. 11-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayevning Sankt-Peterburg shahriga amaliy tashrifi doirasida Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati hukumatlari rahbariyati, Tashqi aloqalar qo‘mitasi, Mehnat va aholini bandlik qo‘mitasi hamda boshqa qator ixtisoslashgan tashkilotlar vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvlar davomida Rossiya tomoni O‘zbekiston delegatsiyasining 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi ishtirokini yuqori baholab, mamlakat rahbariyati tashrifining O‘zbekiston–Rossiya ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va hududlararo hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Surxondaryo viloyatida joylashgan “Ayritom” xalqaro savdo markazining qo‘shma investitsiya va logistika loyihalarini amalga oshirish uchun istiqbolli maydon sifatidagi yuqori salohiyati qayd etildi. Shuningdek, Rossiya tomoni bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Tashrifning muhim natijalaridan biri sifatida Xalqaro mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi bilan Samarqand viloyatida rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish markazini ochish haqida kelishuvga erishildi.

“Bronka Grupp” va “Yujniy” migratsiya markazlari rahbariyati O‘zbekiston bilan tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi, kadrlar tayyorlash hamda fuqarolarga xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlarini takomillashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi. Muzokaralar yakunlari bo‘yicha markazlarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash hamda Sankt-Peterburg shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda vatandoshlarga axborot ko‘magini kuchaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati inson huquqlari hamda bola huquqlari bo‘yicha vakillari, shuningdek Xalqaro advokatlar kollegiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va tezkor hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga oid kelishuvlarga erishildi.

Tashrif doirasida delegatsiya Leningrad viloyati Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida ham bo‘lib, u yerda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Muassasa rahbariyati bilan zarur hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish va fuqarolarning vatanga tezroq qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.

O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularga konsullik ko‘magini ko‘rsatish masalalari O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan doimiy nazoratda saqlanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish