Germaniyada o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlariga qiziqish ortib bormoqda
Iyun 12, 2026. 14:30 • 3 daq
• 37
BЕRLIN, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning “Deutsche Welle” mediakonserni va “Ost-West” telekanalida O‘zbekistondan malakali tibbiyot xodimlarini jalb etish imkoniyatlariga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi va efirga uzatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nemis OAVda ta’kidlanishicha, Germaniyada keksalar va bemorlarni parvarishlash sohasida mutaxassislar yetishmovchiligi mehnat bozorining dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Germaniya Federal mehnat agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda ushbu yo‘nalishda 32,6 mingdan ortiq shtat birligi bo‘sh qolgan. Shu bois mamlakat klinikalari va tibbiyot muassasalari kadrlar tanqisligini yumshatish maqsadida xorijiy davlatlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini faol o‘rganmoqda.
“Ost-West” telekanali mazkur mavzuni Germaniya sog‘liqni saqlash tizimida barqaror kadrlar siyosatini shakllantirish zarurati bilan bog‘liq holda yoritdi. Qayd etilishicha, tibbiyot muassasalarining uzluksiz va sifatli faoliyat yuritishi nafaqat moliyaviy imkoniyatlar, balki malakali xodimlar bilan ta’minlanganlik darajasiga ham bevosita bog‘liq.
“Deutsche Welle” nashrining yozishicha, 2024-yilda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasidagi sheriklik to‘g‘risida kelishuv imzolangani ikki davlat o‘rtasida legal, tartibli va o‘zaro manfaatli mehnat mobilligini rivojlantirish uchun muhim asos yaratgan. Bu, xususan, tibbiyot va parvarish sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish imkonini bermoqda.
Rostok universitet klinikasi vakillarining fikricha, O‘zbekiston yosh demografik salohiyati, tibbiyot sohasida tayyorlangan kadrlari va kasbiy migratsiyani tizimli tashkil etish imkoniyatlari bilan Germaniya tomoni uchun qiziqish uyg‘otmoqda. 2025-yil fevralida klinika vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatda tibbiy kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishgan. Tashrif yakunida O‘zbekistondagi ta’lim bazasi Germaniya klinik parvarish tizimi talablariga mos kelishi, shu bilan birga, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlik zarurligi qayd etilgan.
Boshlangan hamkorlik doirasida Rostok universitet klinikasi 2026-yilda O‘zbekistondan 20 nafar diplomli tibbiyot xodimini qabul qilishni rejalashtirmoqda. Nomzodlar tanlab olingan va ayni paytda nemis tili bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tmoqda. Birinchi guruh o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarining joriy yil avgust oyida Germaniyaga kelishi kutilmoqda. Dastur doirasida til bilimi, kasbiy malaka, Germaniya sog‘liqni saqlash tizimi standartlariga moslashish va malakani tan olish jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tish muhimligi ko‘rsatilmoqda.
“DW” e’lon qilgan maqolada “NoVo Agency” agentligi faoliyati va Germaniyada ish boshlagan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari tajribasi ham misol tariqasida keltirilgan. Ta’kidlanishicha, bunday dasturlar yosh mutaxassislarga xalqaro tajriba orttirish, zamonaviy klinik muhitda ishlash va kasbiy o‘sish imkoniyatini yaratadi.
“O‘zbekistonning demografik salohiyati, tibbiy ta’lim tizimi va Germaniya bilan mavjud huquqiy hamkorlik asoslari mehnat mobilligi, sog‘liqni saqlash va kasbiy ta’lim sohalarida uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish uchun muhim zamin yaratmoqda”, shunday yakun yasaydi nemis OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi