Donald Tramp Eron bilan muzokaralarda yutuqqa erishilganini e’lon qildi, biroq Tehron xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirdi
Iyun 12, 2026. 14:00 • 3 daq
• 143
VASHINGTON–TЕHRON, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralarda sezilarli muvaffaqiyatga erishilganini va tomonlar kelishuv imzolashga yaqin turganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN” telekanaliga tayanib.
Oval idorada jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Amerika yetakchisi bo‘lajak hujjat matni deyarli tayyor ekani, uning imzolanishi yaqin kunlarda, ehtimol, Yevropadagi biror maydonda bo‘lib o‘tishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv qurolli qarama-qarshilikka chek qo‘yish va Tehronning yadroviy qurol yaratishdan voz kechishini kafolatlaydi.
Biroq, Tehronda xulosa chiqarishga shoshilmaslikka chaqirishdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bog‘oiy kelishuvga erishilgani haqidagi xabarlarni muddatidan avvalgi deb atadi va yakuniy kelishuvlar hali rasmiylashtirilmaganini ta’kidladi.
U memorandum matnining katta qismi haqiqatan ham kelishib olingani, biroq AQSH muhokamada qolayotgan qo‘shimcha talablarni ilgari surganini qayd etdi.
Yangi diplomatik faollik davom etayotgan harbiy qarama-qarshiliklar fonida kuzatilmoqda. Bu hafta AQSH Eron janubidagi harbiy, radiolokatsion va razvedka obyektlariga yangi zarbalar berdi. Bunga javoban Islom inqilobi posbonlari korpusi Bahrayn, Quvayt va Iordaniyadagi Amerika harbiy obyektlariga hujumlar uyushtirilganini ma’lum qildi.
Trampning kelishuv ehtimoli haqidagi so‘zlaridan bir necha soat oldin qilgan bayonotlari vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
Amerika prezidenti Eronga “juda qattiq zarbalar” berish bilan tahdid qildi va mamlakatning asosiy neft infratuzilmasini, jumladan, Eron nefti eksportining qariyb 90 foizi o‘tadigan Xarg orolini nazorat ostiga olish ehtimoli borligini aytdi.
Bunga javoban Eron harbiy rahbariyati respublikaning energetika infratuzilmasiga qilinadigan yangi hujumlar yanada keskinroq javobga sabab bo‘lishidan ogohlantirdi. Tehronda “neft va gaz eksporti yo mintaqaning barcha davlatlari uchun ochiq qoladi, yoki hech kim uchun ochiq bo‘lmaydi”, deya bayonot berildi.
AQSH Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muhokama qilinayotgan kelishuv doirasida nafaqat yadroviy masalani hal etish, balki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini xalqaro kemachilik uchun ochish ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, u mintaqa mamlakatlari yetakchilari va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan maslahatlashuvlar o‘tkazganini ma’lum qildi.
Isroil hukumati rahbari devoni muzokaralar bo‘lib o‘tganini tasdiqladi, biroq Isroil bo‘lajak memorandumda ishtirokchi tomon emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Bosh vazir Vashingtonning kelishuvga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Xalqaro hamjamiyat tomonlarni keskinlikni yumshatishga chaqirishda davom etmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “Yaqin Sharqda keskinlik kuchayib borayotganidan chuqur xavotir” bildirdi va mojaro ishtirokchilarini o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga to‘liq rioya qilishga qaytishga undadi. Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Turkiya va Saudiya Arabistoni ham shunday chaqiriqlar bilan chiqdi.
“Anadolu” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi