AQSH Kongressi mamlakatning migratsiya va chegara xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 70 milliard dollar ajratishni ma’qulladi
Iyun 10, 2026. 17:00 • 2 daq
• 71
VASHINGTON, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH Vakillar palatasi mamlakatning migratsiya va chegara xizmatlari faoliyatini moliyalashtirish uchun 70 milliard dollar ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “NBC News”ga tayanib.
Demokratlar partiyasi vakillarining tanqidlariga qaramasdan, ushbu tashabbusni 214 nafar qonunchi qo‘llab-quvvatladi, 212 nafari esa qarshi ovoz berdi. Avvalroq qonun loyihasi Senatda ham ma’qullangan edi, endi uni AQSH Prezidenti imzolashi kerak.
Qonun loyihasi Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) hamda Bojxona va chegara muhofazasi (CBP) xizmatlari faoliyatini moliyalashtirishni nazarda tutadi. Bu summa uch yilga – Donald Trampning prezidentlik muddati yakunigacha mo‘ljallangan.
Ta’kidlash joizki, tarkibiga ICE va CBP kiruvchi AQSH Milliy xavfsizlik vazirligini moliyalashtirish 2026-yil fevral oyida Minnesota shtatining Minneapolis shahrida muhojirlarga qarshi o‘tkazilgan reydlar ortidan to‘xtatib qo‘yilgan edi. O‘shanda ICE agentlari ikki nafar AQSH fuqarosini otib o‘ldirgan. Ikkala holatda ham otishma o‘zini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgani da’vo qilingan, biroq keyinroq e’lon qilingan videoyozuvlar voqealarning bunday talqin qilinishiga shubha uyg‘otgan.
Minneapolisda ICE agentlari harakatlari atrofida yuzaga kelgan mojaro mamlakat ma’muriyatida qat’iy immigratsiya siyosatini olib borgan Milliy xavfsizlik vaziri Kristi Noemning iste’fosiga sabab bo‘ldi. Uning o‘rnini respublikachi senator Markueyn Mallin egalladi.
“PBS” portalidan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi