Eron qo‘lga olingan uchuvchilari haqida maʼlum qildi, Isroil Livanga zarbalar yo‘lladi, Yamanda portga hujum uyushtirildi
Avgust 16, 2026. 12:45 • 2 daq
• 143
TEHRON–BAYRUT, 16-avgust. /“Dunyo” AA/. Eron mart oyida samolyotlari urib tushirilgach, bedarak yo‘qolgan uch nafar uchuvchisini Qatar ushlab turganini maʼlum qildi, Doha esa bu ayblovlarni rad etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.
Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabining Bedarak yo‘qolganlarni qidirish qo‘mitasi xabar berishicha, Qatar mart oyida bedarak yo‘qolgan uch nafar eronlik uchuvchini qo‘lga olib, ushlab turibdi. Tehron birinchi marta uchuvchilar mintaqadagi boshqa bir mamlakatda bo‘lishi mumkinligini bayon qildi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga murojaat yo‘lladi.
Biroq Qatar bu ayblovlarni inkor etdi. TIV vakili Majid al-Ansoriyning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv-qutqaruv xizmatlari uchuvchilardan birining jasadini topgan. Eron tomoni maʼlumotlariga ko‘ra esa, to‘rtinchi uchuvchi Qatardagi dushman harbiy bazasiga zarba berish bo‘yicha topshiriqni bajarayotganda halok bo‘lgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida BAAning “ADNOC” davlat neft-gaz kompaniyasiga qarashli yana bir tanker hujumga uchradi. Jabrlanganlar yo‘q. BAA bu so‘nggi hafta ichida “ADNOC” kemasiga qilingan uchinchi hujum ekanini taʼkidlab, Eronni zarbalarni to‘xtatishga chaqirdi.
Livanda Isroil havo zarbalari oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi. Mamlakat janubidagi Ansor qishlog‘ida yetti kishi, jumladan, uch nafar bola qurbon bo‘ldi, yana ikki kishi jarohatlandi. Dayr az-Zahroniy aholi punktida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana 17 kishi tan jarohati oldi.
Isroil harbiylari “Hizbulloh” batalyoni qo‘mondoni va bir nechta jangarining yo‘q qilinganini maʼlum qildi. Binyamin Netanyaxu idorasi maʼlumotlariga ko‘ra, dron hujumi natijasida uch nafar isroillik harbiy xizmatchi og‘ir yaralangan.
Yamanda husiylar Qizil dengizda joylashgan va mamlakatning xalqaro miqyosda tan olingan hukumati nazoratidagi Moxa portiga hujum qildi. Hujum oqibatida uch kishi, jumladan, ikki nafar dengiz piyodasi halok bo‘ldi, port faoliyati to‘xtatib qo‘yildi.
Harbiylarning bayonot berishicha, husiylar oltita ballistik raketa uchirgan. Ushbu hujum Yaman va mintaqadagi vaziyat keskinlashuvining navbatdagi ko‘rinishi bo‘ldi. Avvalroq ushbu harakat Saudiya Arabistoni hududidagi obyektlarga zarbalar bergandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi