Lionel Ni: O‘zbekistonning ulkan taraqqiyotiga dunyo hamjamiyati guvoh bo‘lmoqda

Avgust 16, 2026. 13:30 • 2 daq

17
Lionel Ni: O‘zbekistonning ulkan taraqqiyotiga dunyo hamjamiyati guvoh bo‘lmoqda

GUANCHJOU, 16-avgust. /“Dunyo” AA/. Gonkong fan va texnologiyalar universiteti prezidenti Lionel Ni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun katta sharaf. O‘tgan davr ichida dunyo hamjamiyati O‘zbekistonning ulkan taraqqiyotiga guvoh bo‘ldi.

Uzoqni ko‘zlagan islohotlar tufayli O‘zbekiston, ayniqsa, so‘nggi 10 yil ichida taʼlim, raqamli transformatsiya va xalqaro hamkorlik sohalarida keng ko‘lamli yutuqlarga erishdi. O‘zbekiston nafaqat o‘z xalqi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratdi, balki jahon hamjamiyatini ham farovon kelajak yaratishga chorladi.

Ilg‘or innovatsiya loyihalarida faol ishtirok etib kelayotgan oliy taʼlim muassasamiz mamlakatingiz, xususan, Yangi O‘zbekiston universiteti bilan tobora rivojlanib borayotgan hamkorlikni doimo qadrlaydi.

Biz birgalikda talabalar almashinuvi dasturlarini rivojlantirayapmiz, isteʼdodli yigit-qizlarni tarbiyalayapmiz va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni hayotga tatbiq etayapmiz.

Ushbu mustahkam aloqalar tufayli biz O‘zbekistonning umidli yoshlari bilan do‘stlik aloqalarini yo‘lga qo‘yib, yangi-yangi loyihalar ustida birgalikda ishlayapmiz. Hamkorlik jarayonida o‘zbek yoshlarining salohiyati, kuch va g‘ayratini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

O‘zbekiston xalqini qutlug‘ sana bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan yelkama-yelka turib, taʼlim, ilm-fan va transchegaraviy innovatsiyalar yordamida porloq kelajak qurish yo‘lidagi uzoq va samarali saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish