Belarusda Namangan viloyati savdo uylari ochildi
Avgust 16, 2026. 12:41 • 2 daq
• 36MINSK, 16-avgust. /“Dunyo” AA/. Belarusda Namangan viloyati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni “Made in Namangan” brendi ostida taqdim etuvchi savdo uylari o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Savdo uylari Namangan viloyati tadbirkorlarining tashabbusi bilan Minsk va Grodno shaharlarida ochildi.
Minskda bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazakov boshchiligidagi viloyat maʼmuriyati va yurtimiz ishbilarmon doiralari vakillari, O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Nuriddin Mamajonov, Minsk shahri Ijro qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Aleksandr Komendant, shuningdek, Belarusning qator vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Aleksandr Komendant oliy darajada erishilgan kelishuvlar samarasida Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik konstruktiv ruhda izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
“Bugungi tadbirlar o‘zaro hamkorlikning yangi formati doirasidagi dastlabki qadamlardan biridir. Ishonchim komilki, ushbu Savdo uylari Minsk shahri va viloyati aholisi orasida talab yuqori bo‘lgan maskanlarga aylanadi”, – dedi Aleksandr Komendant.
Savdo uylarining ochilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida erishilgan, o‘zaro savdoni yanada rivojlantirish va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Ayni paytda savdo uylarida Namangan viloyatida ishlab chiqarilgan keng turdagi to‘qimachilik mahsulotlari, jumladan, sochiqlar, xalatlar, trikotaj buyumlar, bolalar, ayollar va erkaklar kiyim-kechaklari, shuningdek, choyshablar namoyish etilmoqda. Yaqin vaqtlarda Namangan viloyatida ishlab chiqarilayotgan quruq mevalar, sharbatlar, konserva mahsulotlari va murabbolar savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Savdo uyi taʼsischisi, namanganlik tadbirkor Xakimjon Fayzullayevning taʼkidlashicha, mahsulotlar narxi aholi uchun maqbul va ijtimoiy jihatdan qulay darajada shakllantirilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sifatli mahsulotlarning hamyonbop narxlarda taklif etilishi Belarus isteʼmolchilarining O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




