Kir Starmer Buyuk Britaniya Bosh vaziri va Leyboristlar partiyasi yetakchisi lavozimidan ketmoqda

Iyun 22, 2026. 15:20 • 3 daq

110
Kir Starmer Buyuk Britaniya Bosh vaziri va Leyboristlar partiyasi yetakchisi lavozimidan ketmoqda

LONDON, 22-iyun. /“Dunyo” AA/. Kir Starmer Buyuk Britaniya Bosh vaziri va Leyboristlar partiyasi yetakchisi lavozimlaridan ketishini bugun e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.

Hukumat rahbari Dauning-strit, 10-uydagi qarorgoh oldida so‘zga chiqib, partiya ichida yangi yetakchini saylash jarayoni yakunlanmaguncha o‘z lavozimida qolishini ma’lum qildi. U 9-iyul kuni yangi yetakchi lavozimiga nomzodlar ko‘rsatishni boshlash iltimosi bilan Leyboristlar partiyasining Milliy ijroiya qo‘mitasiga murojaat qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon 16-iyulda parlamentning yozgi ta’tiliga qadar yakunlanishi lozim.

Shuningdek, u agar partiya ichida kurash bo‘lib o‘tsa, yangi yetakchi parlament yozgi tanaffusdan qaytadigan 1-sentyabr sanasigacha saylanishini qo‘shimcha qildi. Kir Starmer qirol bilan suhbatlashganini va yangi yetakchi kuzdan ish boshlay oladigan tarzda hokimiyatni topshirish tashkil etilishini tasdiqlaganini ta’kidladi.

Ushbu bayonot may oyidagi mahalliy saylovlarda leyboristlarning mag‘lubiyatga uchrashi ortidan partiya ichidagi bosim hamda ayrim deputatlar tomonidan hukumat siyosati va rahbariyatiga nisbatan tanqidlar kuchaygani fonida yangradi.

Iste’fo haqidagi mish-mishlar partiyadagi raqibi Endi Byornemning Angliya Shimoli-G‘arbidagi Meykerfild okrugida o‘tkazilgan qo‘shimcha saylovlarda g‘alaba qozonishidan so‘ng avj oldi. Parlament deputati sifatida qasamyod qabul qilishi kutilayotgan Katta Manchesterning sobiq meri partiya yetakchiligiga potensial da’vogar sifatida ko‘rilmoqda.

Kir Starmer va moliya vaziri Reychel Rivz budjet siyosati masalalarida fraksiya ichidagi noroziliklarga duch kelgan edi. Ijtimoiy ta’minot sohasidagi islohotlar hamda Jeffri Epshteyn ishi bilan aloqador Piter Mandelsonning Buyuk Britaniyaning AQSHdagi elchisi etib tayinlanishi vaziyatni yanada keskinlashtirdi.

2024-yil iyul oyidagi umumxalq saylovlarida Leyboristlar partiyasining ishonchli g‘alaba qozonganiga qaramay, Bosh vazir iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va yashash narxini tushirish bo‘yicha bergan va’dalarini bajarishda qiyinchiliklarga duch keldi.

O‘tgan hafta e’lon qilingan “Ipsos” so‘rovnomasi ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyaliklarning 52 foizi Kir Starmer Bosh vazir lavozimidan ketishi kerak, deb hisoblasa, 35 foizi uning o‘z lavozimida qolishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Hukumat rahbari o‘z nutqida parlamentdagi fraksiyasining navbatdagi saylovlarda partiyaga yetakchilik qilishga loyiq yoki loyiqmasligi borasidagi javobini eshitgani va buni munosib tarzda qabul qilishini aytdi.

U, shuningdek, Dauning-stritdagi qarorgohga kirish hayotidagi eng g‘ururli lahza bo‘lganini aytib, siyosiy, moliyaviy va ma’naviy jihatdan bankrot bo‘lgan Leyboristlar partiyasini meros qilib olganini qayd etdi.

Bosh vazir iste’foga chiqqan taqdirda, Britaniya ommaviy axborot vositalarining taxminiga ko‘ra, partiyada to‘laqonli ichki kurashsiz Endi Byornemning amalda toj kiyishi yuz berishi mumkin. Bu esa unga partiya yetakchisi va, ehtimol, Bosh vazir lavozimiga yo‘l ochadi.

Shunday qilib, muddatidan oldin umumxalq saylovlarini o‘tkazish talab etilmaydi, chunki Britaniya konstitutsiyaviy amaliyotiga ko‘ra, Bosh vazir saylovchilarga murojaat qilmasdan almashtirilishi mumkin.

“EPA” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish