O‘zbekiston nashriyoti Pekindagi xalqaro kitob ko‘rgazmasida nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi

Iyun 19, 2026. 14:00 • 2 daq

148
O‘zbekiston nashriyoti Pekindagi xalqaro kitob ko‘rgazmasida nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi
O‘zbekiston nashriyoti Pekindagi xalqaro kitob ko‘rgazmasida nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi
O‘zbekiston nashriyoti Pekindagi xalqaro kitob ko‘rgazmasida nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi

PЕKIN, 19-iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoy poytaxtida “BIBF-2026” xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

17–21-iyun kunlari Xitoy milliy ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tadigan mazkur tadbirda dunyoning 100 ga yaqin mamlakatidan 3 mingdan ziyod mehmon qatnashishi kutilmoqda.

Anjuman doirasida matbaa mahsulotlari eksporti va importi, litsenziyalash hamda kitoblarni xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy kelishuvlar, multimedia loyihalari bo‘yicha yirik bitimlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Tadbir doirasida Xitoy adabiyotini ommalashtirish, tarjima va nashr etish hamda madaniy almashinuvni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun xorijiy tarjimonlar, yozuvchilar va noshirlarga topshiriladigan an’anaviy 19-maxsus kitob mukofotining g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Quvonarlisi, Xitoy Raisi Si Szinpin asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr etgani uchun O‘zbekistonning 102 yillik boy tarixga ega “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi ushbu nufuzli xalqaro mukofot bilan taqdirlandi.

Marosimda ishtirok etgan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Azimbay Babaniyazov mazkur mukofot mamlakatimizda kitobxonlik sohasida olib borilayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofi ekanini ta’kidladi.

“Nashriyotimizning ushbu nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgani bizni g‘oyat quvontiradi. Bugungi kunda davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi yaqin va ishonchli munosabatlar tufayli O‘zbekiston–Xitoy strategik sherikligi barcha yo‘nalishlarda jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Shubhasiz, kitoblar xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi Azimbay Babaniyazov.

Xitoy Raisi Si Szinpin tomonidan mamlakatda umumxalq kitobxonligini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani kabi, O‘zbekistonda ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularning bilimga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish