Ar-Riyozda “IT Park Uzbekistan”ning doimiy bo‘limi ochildi
Iyun 17, 2026. 14:00 • 2 daq
• 143AR-RIYOZ, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistoni poytaxtida mamlakatimiz IT-parkining doimiy bo‘limini ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Anjuman qatnashchilariga yurtimizda raqamli iqtisodiyot, dasturlash, startaplar va IT-xizmatlar sohasida yaratilgan keng imkoniyatlar, xususan, IT Park hududida amal qiluvchi noyob soliq imtiyozlari hamda xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida AQSH, Kanada, Fransiya, Yaponiya va Saudiya Arabistoni kabi yetakchi davlatlar kompaniyalari hamda mutaxassislari IT Park rezidentiga aylanmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda IT-xizmatlar eksporti hajmi sezilarli darajada o‘sib, mahalliy kompaniyalar xalqaro bozorlarga faol chiqmoqda. Ar-Riyodza ochilgan yangi bo‘lim negizida allaqachon 8 ta startap loyiha o‘z ish faoliyatini boshlagani tadbir ishtirokchilariga ma’lum qilindi.
Tadbirda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Bir million dasturchi” hamda uning mantiqiy davomi sifatida e’lon qilingan “Bir million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihalari xorijlik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi. Saudiya tomoni O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalariga hukumat tomonidan ko‘rsatilayotgan alohida e’tiborni yuqori baholadi.
Shuningdek, tadbir davomida Saudiya Arabistoni ishbilarmon va rasmiy doira vakillari uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati, boy madaniy-tarixiy merosi hamda buyuk allomalariga bag‘ishlangan maxsus videolavhalar namoyish etildi. Xususan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining mazmun-mohiyatiga oid keng qamrovli taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga, batafsil javob berilib, maxsus tarqatma axborot materiallari taqdim etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


