O‘zbekiston MAGATEning nufuzli xalqaro tadbiriga mezbonlik qiladi
Iyun 10, 2026. 15:30 • 2 daq
• 113
VЕNA, 10-iyun /“Dunyo” AA/. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) shu yil 26–30-oktyabr kunlari Toshkent shahrida eskirgan yadro reaktorlarini ekspluatatsiyadan chiqarish sohasidagi tadqiqotlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha uchinchi xalqaro yig‘ilishni o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur yig‘ilish eskirgan reaktorlarni ekspluatatsiyadan chiqarish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar muhokamasiga bag‘ishlanadi.
Tadbir doirasida zamonaviy demontaj texnologiyalari, radioaktiv chiqindilarni boshqarish, gamma-skanerlash usullari, qurilish konstruksiyalarining aktivatsiyasini 3D modellashtirish hamda ushbu sohadagi ilg‘or xalqaro tajribalar muhokama qilinadi.
Yig‘ilishda MAGATE mutaxassislari bilan bir qatorda Bolgariya, Misr, Indoneziya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Slovakiya, AQSH, O‘zbekiston, Ukraina va Fransiyadan keladigan olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
O‘zbekiston mazkur sohada salmoqli amaliy tajribaga ega. Xususan, 2017-yilda Toshkent shahridagi IIN-3M «Foton» tadqiqot reaktori MAGATE va xalqaro hamkorlar ko‘magida muvaffaqiyatli ravishda ekspluatatsiyadan chiqarilgan.
Ushbu loyiha doirasida orttirilgan tajriba tadqiqot reaktorlarini xavfsiz demontaj qilish, radioaktiv materiallar bilan muomala qilish hamda xalqaro xavfsizlik standartlarini qo‘llash sohasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent shahrida ushbu xalqaro tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning yadroviy xavfsizlik, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro hamkorlik sohalaridagi ishtirokini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur yig‘ilish mamlakatimiz mutaxassislariga xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga ko‘maklashadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi