AQSH “AH-64 Apache” vertolyoti halokatidan so‘ng Eronga zarba berdi

Iyun 10, 2026. 11:30 • 2 daq

100
AQSH “AH-64 Apache” vertolyoti halokatidan so‘ng Eronga zarba berdi

VASHINGTON–TЕHRON, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun tong saharda AQSH Eron hududiga aviazarbalar yo‘lladi va Tehronni Amerikaning “AH-64 Apache” hujum vertolyoti halokatiga aloqadorlikda aybladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri “AP”ga tayanib.

Bunga javoban, Eron AQSHning Bahrayn va Quvaytdagi obyektlarga hujum qildi. Iordaniya esa Amerika kuchlari joylashtirilgan Muvaffaq Salti aviabazasiga otilgan Eronning beshta raketasini tutib olganini ma’lum qildi.

28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga zarba berishidan so‘ng boshlangan mojaro kengayishda davom etmoqda. Bu esa jahon iqtisodiyotiga bosim o‘tkazib, energiya tashuvchilar va oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirmoqda. Aprel oyidagi sulhni doimiy kelishuvga aylantirish bo‘yicha muzokaralar samarasiz bo‘ldi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika Harbiy-havo va Harbiy-dengiz kuchlari Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘mondonlik punktlari va radiolokatsion stansiyalariga zarbalar bergan. Tehron Bandar Abbos va Qeshm oroli hududlariga hujumlar bo‘lganini tasdiqladi. Vashingtonning bayonotiga ko‘ra, ushbu operatsiya Amerika kuchlari va xalqaro kemachilikka qarshi so‘nggi hujumlarga javoban amalga oshirilgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH harakatlariga javob qaytarilishini va’da qilib, Eron qurolli kuchlari “hech bir hujum yoki tahdidni javobsiz qoldirmasligini” ta’kidladi.

Amerikalik rasmiy manbaning ma’lumotiga ko‘ra, “AH-64 Apache” vertolyoti Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning uchuvchisiz apparati bilan to‘qnashib, halokatga uchragan. Hodisa sabablari o‘rganilmoqda va to‘qnashuv qasddan sodir etilgani hozircha aniq emas.

Har ikki uchuvchi uchuvchisiz kater yordamidagi qutqaruv operatsiyasi davomida qutqarib olindi va so‘ngra vertolyotda evakuatsiya qilindi. Prezident Donald Tramp ekipaj a’zolari jabrlanmaganini ma’lum qildi.

“Apache” harbiy vertolyotlaridan AQSH Eron neftining tashilishini nazorat qilishda va Eron dronlariga qarshi operatsiyalarda faol foydalanadi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish