Eronlik futbolchilar AQSHga o‘yin kunlari kirib-chiqadi
Iyun 07, 2026. 16:45 • 3 daq
• 196
VASHINGTON–TЕHRON, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSH eronlik futbolchilarning jahon chempionatida ishtirok etish uchun mamlakatga kirishi mumkinligini tasdiqlab, barcha o‘yinchilar va “zarur xodimlar”ga viza berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “BBC”ga tayanib.
Biroq Eronning Turkiyadagi elchixonasi AQSHning terma jamoa “menejerlari va rahbariyatining katta qismi” hamda “texnik maslahatchilari”ning mamlakatga kirishini rad etganini aytib, Vashingtonni “siyosiy sabablar bilan sportga aralashishga” urinayotganlikda aybladi.
Eron ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, AQSHga kirish uchun 15 kishiga, jumladan, mamlakat futbol federatsiyasi rahbari, uning o‘rinbosari va OAV bilan ishlash bo‘limi boshlig‘iga rad javobi berilgan. Eron diplomatlari Xalqaro futbol federatsiyasini (FIFA) vaziyatga aralashishga chaqirgan.
“Endi siz Eron futbol jamoasini qasddan kamsitishni eng yuqori darajaga olib chiqdingiz”, – deyiladi elchixona bayonotida. Biroq AQSH Eronga “bahona bilan mamlakatga terrorchilarning kirib kelishi uchun tizimni suiiste’mol qilishga” yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlamoqda.
Eron futbol terma jamoasi Turkiyada mashg‘ulot o‘tkazib, 6-iyun kuni Meksikaga yo‘l olgan. Turnir davomida ularning bazasi shu yerda joylashadi. Ular 20 soatlik parvozdan so‘ng bugun ertalab manzilga yetib kelishi kutilmoqda.
Eronning Meksikadagi elchisiga ko‘ra, viza shartlariga binoan, Eron terma jamoasi a’zolari o‘zlari ishtirok etadigan o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan kunning o‘zida AQSHga kirib, mamlakatni tark etishlari kerak bo‘ladi. Dastlab, Eron terma jamoasi bazasi AQSHning Arizona shtatidagi Tuson shahrida joylashishi kerak edi.
Biroq may oyi oxirida uni Meksikaga ko‘chirishga qaror qilindi. Shu tariqa, futbol bo‘yicha jahon chempionatiga mezbon mamlakat tarixda ilk bor o‘zi amalda urush holatida bo‘lgan davlat o‘yinchilarini qabul qiladi.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi “BBC”ga eronliklarga berilgan vizalar qanday cheklovlarni o‘z ichiga olishini aytmagan. Biroq idora JCH–2026 davomida “Amerika xalqi va tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta’minlash niyatida qat’iy” turishini bildirdi.
Shu hafta AQSH Davlat kotibi yordamchisi Marko Rubio amerikalik kongressmenlarga Vashington Eron delegatsiyasida Islom inqilobi posbonlari korpusi (IIPK) bilan aloqador shaxslarning bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan. Ta’kidlanishicha, bir necha eronlik futbolchi IIPK tomonidan tashkil etilgan majburiy harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, 16-iyun kuni Eron terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk o‘yinini Yangi Zelandiya jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadi. 21-iyun kuni o‘sha yerda eronlik futbolchilar Belgiya bilan, 27-iyun kuni esa Sietlda Misr bilan o‘ynaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi