O‘zbekiston Prezidenti Milliy kitobxonlik harakatiga start berdi

May 22, 2026. 16:50 • 4 daq

41
O‘zbekiston Prezidenti Milliy kitobxonlik harakatiga start berdi

TOSHKENT, 22-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umummilliy harakatga start berish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarayotgani, raqamli texnologiyalar, zamonaviy gadjetlar va sunʼiy intellekt hayotimizga tobora chuqur kirib kelayotganini taʼkidladi. Bunday murakkab sharoitda insonning mustaqil fikrlay olishi eng katta ustunlik ekani qayd etildi.

– Kitob o‘qiydigan odam teran va sog‘lom fikrlaydi. Bunday tafakkurga ega inson esa jamiyatni o‘zgartira oladi, – dedi Prezident.

Taʼkidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda mutolaa madaniyati va kitobga eʼtibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilmoqda. Kitobxonlik faqat taʼlim masalasi emas, balki millat kelajagi, xalqimizning maʼnaviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini taʼminlaydigan muhim omildir.

Davlatimiz rahbari ulug‘ ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek kabi mutafakkirlar insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi. Ularning yuksak marralarga erishishida ilmga intilish va kitob mutolaasi asosiy manba bo‘lgan.

Shu maʼnoda, mamlakatimiz xalqaro maydonda qudratli va yuksak salohiyatli xalq sifatida o‘zini namoyon etishi uchun ikki mustahkam asosga tayanishi zarurligi taʼkidlandi. Bular – bebaho ilmiy va maʼnaviy merosimiz hamda zamonaviy ilm-fan va ilg‘or texnologiyalardir.

Prezidentimiz o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridan yoshlarni kitobga oshno qilish, ularda bilimga mehr va rag‘bat uyg‘otishga ustuvor ahamiyat qaratib kelayotganini taʼkidladi. 2017-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi millionlab yoshlarni kitobga yaqinlashtirdi. “Yosh kitobxon oila” tanlovi esa mutolaa muhitini har bir xonadonga olib kirishga xizmat qilmoqda.

Joriy yil boshida qabul qilingan qaror asosida eng faol kitobxonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Kuni kecha “Yosh kitobxon” tanlovining navbatdagi respublika bosqichi yakunlandi. Unda mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 42 nafar eng bilimdon va zukko yoshlar o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etdi. Tanlovning uch nafar g‘olibi Prezident sovg‘asi – zamonaviy avtomobillar bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbari g‘oliblarni, ularning ustozlari va ota-onalarini samimiy tabriklab, bunday iqtidorli, izlanuvchan va bilimga chanqoq yoshlar Yangi O‘zbekistonning haqiqiy tayanchi ekanini taʼkidladi.

Marosimda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribaga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarida 2015-yilda Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum tashabbusi bilan boshlangan “Arab kitobxonlik tanlovi” dasturi bugungi kunda jahondagi eng yirik maʼrifiy harakatlardan biriga aylangani qayd etildi. Qisqa vaqt ichida ushbu tashabbus 200 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan.

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik va strategik sheriklik doirasida ushbu ezgu g‘oyani milliy maʼnaviy merosimiz asosida yurtimizda yangi bosqichga olib chiqishga qaror qilindi.

Shu maqsadda “Milliy kitobxonlik harakati” dasturi boshlanmoqda. Davlatimiz rahbari kuni kecha ushbu dasturni davlat miqyosida faol qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida farmoyish imzolaganini qayd etdi.

Endilikda har yili mazkur tadbirning final bosqichi Prezident darajasida o‘tkaziladi. Dasturning umumiy yillik mukofot fondi 240 ming dollarni tashkil etadi. Bosh sovrin sohibi 50 ming dollar bilan taqdirlanadi. Bu yurtimiz tarixida kitobxonlik bo‘yicha eng salmoqli mukofot bo‘ladi.

Mazkur harakat mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi. Unda umumtaʼlim maktablarining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

Prezidentimiz ushbu tashabbus maktablar, oilalar va butun jamiyatda kitobxonlik muhitini kuchaytirish, yoshlar qalbida yangi bunyodkorlik ruhini uyg‘otishga xizmat qilishini taʼkidladi.

– Men ushbu dasturni shunchaki kitob o‘qish musobaqasi emas, balki jonajon Vatanimiz kelajagi uchun strategik investitsiya deb bilaman. Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar, – dedi davlatimiz rahbari.

Marosimda Prezidentimiz barcha o‘quvchi-yoshlar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilikni ushbu umummilliy harakatda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Kitob o‘qigan, bilimga intilgan va ezgu maʼnolarni anglagan millat hech qachon yengilmasligi taʼkidlandi. “Ilmdan boshqa najot yo‘q” degan maʼrifatparvar ajdodlarimiz g‘oyasini butun mamlakat miqyosida hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish