Gruziya Bosh vaziri: Bir yil ichida mamlakatdan so‘nggi 10 yildagidan ko‘proq noqonuniy muhojir chiqarib yuborildi
Iyun 24, 2026. 19:30 • 2 daq
• 128
TBILISI, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening ma’lum qilishicha, bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida mamlakatdan so‘nggi o‘n yildagidan ham ko‘proq noqonuniy muhojir deportatsiya qilingan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Sinxua” axborot agentligi ma’lumotiga tayanib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat Ichki ishlar vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar va siyosiy yondashuv samarasidir.
Irakliy Kobaxidze hozirda Gruziya hududida 20 mingga yaqin noqonuniy muhojir borligi va hukumat ularni deportatsiya qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish niyatida ekanini ma’lum qildi.
“Sputnik Gruziya” xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Gruziya IIV Migratsiya departamenti tegishli bo‘linmalar bilan muvofiqlashtirilgan tadbirlar natijasida o‘nlab xorij fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborgan.
Ular orasida Ozarbayjon, Bangladesh, Misr, Hindiston, Iordaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Nepal, Nigeriya, Pokiston, Rossiya, Sudan, Tanzaniya, Turkmaniston, Turkiya, O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar fuqarolari bor.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning birinchi choragida Gruziyadan 904 nafar xorijlik chiqarib yuborilgan – ular orasida eng ko‘pi Turkiya fuqarolari bo‘lgan.
Gruziyaning amaldagi qonunchiligiga muvofiq, chiqarib yuborilgan shaxslarga mamlakatga kirish taqiqlangan. Bu cheklov mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etganlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi