AQSh Senatning urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi fonida Eron futbol terma jamoasi uchun cheklovlarni yumshatdi
Iyun 24, 2026. 20:30 • 3 daq
• 42
VASHINGTON, 24-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSh hukumati Jahon chempionati vaqtida Eron milliy terma jamoasining harakatlanishiga oid cheklovlarni yumshatib, jamoaga o‘yin o‘tkaziladigan shaharlarga uchrashuvdan ikki kun oldin kelishga ruxsat berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “Axios” nashriga tayanib.
Yangi qoidalarga ko‘ra, Eron terma jamoasi 27-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 8:00da Misrga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yindan ikki kun avval Sietlga yo‘l olishi mumkin. Shu bilan birga, uchrashuv yakunlangach, terma jamoa AQSh hududini tark etib, Meksikaning Tixuana shahridagi o‘z qarorgohiga qaytishi shart.
Oq uyning FIFA masalalari bo‘yicha ishchi guruhi ijrochi direktori Endryu Julianining maʼlum qilishicha, bu qaror oldindan rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni jamoaning dastlabki ikkita safarini kuzatib, muammolar kuzatilmasa, uzoq masofali parvozlarni inobatga olgan holda, iqlimga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt taqdim etishni niyat qilgan.
Eron futbol federatsiyasi jamoaning 24-iyun kuni Tixuanadagi qarorgohini tark etib, Sietlga yo‘l olishini tasdiqladi. 25-iyun kuni terma jamoa Vashington universiteti hududida mashg‘ulot o‘tkazadi.
Avvalroq Eron tomoni harakatlanishdagi cheklovlardan bir necha bor norozilik bildirgan edi. Jamoa sardori Alirizo Jahonbaxshning aytishicha, Eron terma jamoasi chempionatdagi barcha jamoalar uchun teng sharoitlar bo‘lishiga umid qilmoqda. O‘yinchilar va delegatsiya vakillari, shuningdek, Meksika va AQSh o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini maʼlum qilgan.
Amerika rasmiylarining Islom inqilobi posbonlari korpusi bilan aloqador ekani taxmin qilingan shaxsning AQShga kirishga uringani haqidagi bayonotlari vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Eron futbol federatsiyasi bu ayblovlarni yolg‘on deb atab, qatʼiyan rad etdi.
Shu bilan birga, AQSh Senati Eronga qarshi harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Hujjat avvalroq Vakillar palatasi tomonidan qabul qilinganidan so‘ng, 48 nafar senator qarshi, 50 nafari esa yoqlab ovoz berishi bilan maʼqullandi.
Rezolyutsiya Amerika qurolli kuchlarini Eron bilan yoki unga qarshi harbiy harakatlar hududidan olib chiqib ketishni ko‘zda tutadi. Taʼkidlanishicha, ovoz berish jarayoni respublikachilarning bir qismi o‘rtasida 2026 yil fevral oyi oxiridan beri davom etayotgan AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi mojarodan xavotir kuchayib borayotganini ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, hujjat asosan ramziy ahamiyatga ega. Garchi AQSh prezidenti Donald Tramp unga veto qo‘ya olmasa-da, rezolyutsiya majburiy yuridik kuchga ega emas. Hujjat tashabbuskorlari bo‘lgan demokrat-senatorlarning bayonot berishicha, Kongress o‘z roziligisiz harbiy harakatlarni qayta boshlashga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi o‘z pozitsiyasini aniq bildirishi lozim.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi