“BMB HOLDING” mahsulotlari AQSH savdo vaziriga taqdim etildi
May 06, 2026. 17:25 • 2 daq
• 335TOSHKENT, 6-may. /“Dunyo” AA/. “BMB HOLDING” xoldingi asoschisi Bekzod Mamatqulov AQSH savdo vaziri Govard Lyutnikka “BMB Za‘faron” milliy brendi ostidagi mahsulotlarni topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu kunlarda AQSHda “SelectUSA” nufuzli xalqaro investitsiya sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu yirik xalqaro platforma butun dunyodan investorlar, yetakchi kompaniyalar, moliyaviy institutlar va davlat tuzilmalari vakillarini birlashtirib, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda strategik hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
4-may kuni sammit doirasida yalpi majlis va ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va mamlakatimiz elchisi Furqat Sidiqov, shuningdek, AQSHning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga AQSH savdo vaziri Govard Lyutnik tabrik so‘zi bilan murojaat qildi. O‘z nutqida u AQSHning ochiq iqtisodiy siyosati, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda yangi investitsiya imkoniyatlarini alohida qayd etdi. Shuningdek, Govard Lyutnik xorijiy investorlar uchun shakllantirilayotgan qulay huquqiy va institutsional muhit yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim omil ekanini taʼkidladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida mehmonlarga “BMB HOLDING”ning yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlari, jumladan, zaʼfaron hamda quritilgan va chuqur qayta ishlangan meva-sabzavotlar namoyish etildi.
Xolding mahsulotlarining ekologik tozaligi, xalqaro standartlarga mosligi, eksport geografiyasini kengaytirish borasidagi strategiyasi hamda zamonaviy qayta ishlash texnologiyalari haqida maʼlumotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu bilan birga, Govard Lyutnikning xolding Taʼsischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti davomida “BMB HOLDING” brendi AQSH bozoriga izchil kirib borayotgani alohida eʼtirof etildi. Qolaversa, eksport salohiyatini yana-da oshirish, mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Ayniqsa, “BMB Za‘faron” mahsulotlarining AQSHda yuqori baholanishi va ularning “USDA Organic” xalqaro sertifikatiga egaligi mahsulot sifati, xavfsizligi va ekologik standartlarga to‘liq javob berishi alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Bekzod Mamatqulov vazirga “BMB Za‘faron” milliy brendi mahsulotlarini taqdim etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



