“The Financial Times”: Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralarga tayyorlanmoqda
May 08, 2026. 12:45 • 3 daq
• 164
BRYUSSEL, 8-may. /“Dunyo” AA/. Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta Florensiyadagi Yevropa universiteti institutida so‘zlagan nutqida Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ehtimoliy muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Britaniyaning “The Financial Times” gazetasiga tayanib.
Kengash rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya bilan mumkin bo‘lgan muloqotning formati va mazmunini aniqlash maqsadida Yevropa Ittifoqiga aʼzo 27 davlat rahbarlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Uning taʼkidlashicha, Vladimir Putin bilan muzokaralar uchun “potensial” mavjud, biroq hozircha Moskvaning “samarali” va “jiddiy” muloqotga tayyorligi alomatlari yo‘q. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi AQSH tomonidan olib borilayotgan muzokaralarga to‘sqinlik qilmoqchi emasligini aytdi.
Antoniu Koshta Kiprdagi sammitda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yevropalik hamkorlarni bo‘lajak muzokaralarda ishtirok etishga tayyor bo‘lishga chaqirganini qayd etdi. Ukraina tomoni Yevropa darajasida yana-da yaqinroq muvofiqlashuv zarurligini va Yevropa Ittifoqining umumevropa pozitsiyasi vakili sifatida ishtirok etishi muhimligini taʼkidlagan.
Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi so‘nggi jiddiy aloqa 2026-yil fevral oyida, Fransiya Prezidenti maslahatchilari Emmanuel Bonn va Bertran Buxvalter Yevropa Ittifoqining Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida ehtimoliy ishtirokini muhokama qilish uchun Moskvaga tashrif buyurganida bo‘lib o‘tgan. Manbalarga ko‘ra, Fransiya tomonining takliflari rad etilgan.
Bundan tashqari, mart oyida Yevropa va Rossiya vakillari o‘rtasidagi keskin aloqalar haqida xabar berilgan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya tomoni muloqotni davom ettirish uchun konstruktiv takliflar olmagan.
Diplomatik jarayonlar fonida AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar faollashishi mumkinligi haqida ham xabar berilmoqda. Yaqin kunlarda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Mayamida Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov bilan uchrashishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqida Rossiyaga nisbatan sanksiyalar siyosati muhokama qilinmoqda. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Vengriyadagi saylovlardan so‘ng yangi sanksiyalar paketi tayyorlanayotganini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Moskvaga blokning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasini saqlab qolish haqida signal bo‘lishi kerak.
Avvalroq, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning energiya eksportidan daromadlarini cheklash, shuningdek, moliyaviy va savdo cheklovlarini kuchaytirishga qaratilgan 20-sanksiyalar paketini qabul qilgan edi. Yevropa Ittifoqida Rossiya tuzilmalari va alohida shaxslarga nisbatan qo‘shimcha choralar tayyorlash ham muhokama qilinmoqda.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi