Logo

AQSH va Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida zarbalar almashdi

May 08, 2026. 14:56 • 2 daq

127
AQSH va Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida zarbalar almashdi

VASHINGTON–TEHRON, 8-may /“Dunyo” AA/. AQSH va Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida keskinlik kuchayishi fonida bir-biri bilan raketa zarbalari almashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The New York Times” nashriga tayanib.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM)ning maʼlum qilishicha, Amerika qo‘shinlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali O‘mon ko‘rfazi tomon harakatlanayotgan boshqariladigan raketalar bilan jihozlangan amerikalik esmineslar o‘tishi vaqtida Eron tomonidan amalga oshirilgan “asossiz hujumlarni to‘xtatgan va o‘zini himoya qilish maqsadida qarshi zarbalar bergan”.

CENTCOM bayonotida aytilishicha, uchta AQSH harbiy kemasi bo‘g‘ozdan o‘tayotgan paytda Eron kuchlari bir necha raketa va dronlarni uchirgan, shuningdek, kichik kemalar yordamida ham hujumlar amalga oshirgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, dengiz flotining savdo kemalarini kuzatib borish bo‘yicha operatsiyasida ishtirok etayotgan Amerika kemalaridan hech biri zarar ko‘rmagan.

O‘z navbatida, Eron davlat ommaviy axborot vositalari tarqatgan bayonotda mamlakat qurolli kuchlari AQSH harbiylari bir oylik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzib, Eronning janubiy sohilida joylashgan Keshm oroli va yana ikki shaharga “asossiz” havo zarbalari berganini maʼlum qilgan.

Zarbalar almashinuvidan so‘ng AQSH prezidenti Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish rejimi hali ham amal qilayotganini aytib, Eron hujumlarining ahamiyatini kamaytirib ko‘rsatgan. “Ular bugun biz bilan biroz “o‘ynashdi”. Biz esa ularni butunlay yo‘q qildik”, – degan prezident jurnalistlarga. –

Oq uy rahbari shuningdek, Eron AQSH taklifini tezda qabul qilishi kerakligini taʼkidladi. Ushbu taklif Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va tomonlar har tomonlama kelishuvga erishishga urinish davrida 30 kunlik harbiy harakatlarni to‘xtatishni nazarda tutadi.

“Bu Donald Tramp 28-fevralda boshlagan urushdan chiqish yo‘lini izlayotgan bir paytda mintaqada tez rivojlanayotgan voqealardagi navbatdagi burilish bo‘ldi. U yuqori lavozimli amaldorlarining mojaro holati, AQSHning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha saʼy-harakatlari va Eron bilan tinchlik muzokaralari jarayoni haqidagi bayonotlariga zid ravishda harakat qildi”, – deb yozadi nashr.

“Picture Alliance” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish