Logo

AQSH va Eron tez orada urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkin

May 07, 2026. 12:25 • 2 daq

63
AQSH va Eron tez orada urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishi mumkin

VASHINGTON, 7-may /“Dunyo” AA/. Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Prezident Donald Tramp AQSH Eron bilan “juda yaxshi” muzokaralar olib borganini va mojaro tez orada yakunlanishi mumkinligini aytdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Hozir bizda hammasi yaxshi ketyapti va biz olishimiz kerak bo‘lgan narsani olishimiz kerak. Agar biz buni qilmasak, oldinga katta qadam tashlashimizga to‘g‘ri keladi. Lekin shu bilan birga, ular kelishuv tuzishni xohlashadi”, dedi Oq uy rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron Vashingtonning asosiy talabi – yadro qurolini ishlab chiqishdan voz kechishga rozi bo‘lgan. Biroq Eron hukumati hozircha AQSH prezidentining bayonotiga hech qanday izoh bermadi.

Eronning “ISNA” axborot agentligi taʼkidlashicha, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Tehron o‘z javobini taqdim etishini aytgan. Eron parlamenti Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi vakili Ibrohim Rizoiy esa bu taklifni “reallikdan ko‘ra ko‘proq amerikaliklar istaklari ro‘yxati” deb taʼrifladi.

Shu bilan birga, muzokaralarda ishtirok etayotgan pokistonlik vakil “Reuters” agentligiga tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga yaqin ekanini bildirgan. “Urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga tez orada erishilishi mumkin”, dedi Pokiston manbasi.

Xuddi shunday maʼlumotni Amerikaning “Axios” yangiliklar portali ham tasdiqladi. Ushbu maʼlumotlarga ko‘ra, maxsus vakil Stiven Uitkoff va AQSH prezidentining kuyovi Jared Kushner Eron tomoni bilan 14 banddan iborat memorandum bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri va vositachilar orqali muzokaralar olib bormoqda.

Qayd etilishicha, hujjat batafsil kelishuvni ishlab chiqish uchun 30 kun ichida muzokaralar o‘tkazishni nazarda tutadi. Bu davrda Eron tomonidan Hurmuz bo‘g‘ozidagi kemalar blokadasi, shuningdek, Eron portlarining Amerika blokadasi bosqichma-bosqich olib tashlanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, AQSH Eronning uranni boyitishga moratoriyga rozi bo‘lishini, Vashington esa sanksiyalarni bekor qilib, muzlatilgan Eronning milliardlab dollarlik aktivlarini blokdan chiqarishni kutmoqda.

“Agar bu muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, AQSH blokadani yoki harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkin”, deb ogohlantiradi “Axios” amerikalik harbiy amaldorga tayanib. Nashrda aytilishicha, Vashington Erondan 48 soat ichida javob kutmoqda.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish