Logo

Jenevada AQSh va Eron o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Fevral 18, 2026. 12:30 • 2 daq

73
Jenevada AQSh va Eron o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi
“AFP” agentligi surati

JENEVA, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. Shveysariyada Amerika va Eron delegatsiyalari o‘rtasidagi bilvosita yadroviy muzokaralar “yo‘l-yo‘riqlar to‘plami” to‘g‘risidagi kelishuv bilan yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The New York Times” gazetasiga tayanib.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar ehtimoliy bitimning qoralamalarini almashishga kelishib olgan, biroq bu kelishuv yaqin orada tuzilishini anglatmaydi. U bitim muqarrar emasligini aytdi.

Vazir, Eron davlat televideniyesiga Jenevada bo‘lib o‘tgan va taxminan uch soat davom etgan muzokaralar “konstruktivroq” bo‘lgani va shu oyda Ummonda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning avvalgi raundiga nisbatan “yaxshi taraqqiyot”ga erishish imkonini berganini aytdi.

“Endi bizda oldinga aniq yo‘l bor, bu, mening fikrimcha, ijobiy holat”, - dedi diplomat.

Amerika tomoni muzokaralarga darhol ochiq izoh bermadi, ammo gazetaning amerikalik rasmiy manbasi ikkala tomon ham oldinga siljiganini aytdi va yaqin ikki hafta ichida eronliklar AQSh bilan baʼzi kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha batafsilroq takliflar kiritishini qo‘shimcha qildi.

“The New York Times”ning uchrashuvlar jarayonidan xabardor bo‘lgan eronlik manbalari Eron yadroviy boyitishni 3-5 yilga to‘xtatib turishga tayyorligini bildirdi. Bu Donald Tramp prezidentligi davrini qamrab oladi, keyin esa fuqarolik uranni boyitish bo‘yicha mintaqaviy konsorsiumga qo‘shiladi.

“Eron tomoni ham xalqaro inspektorlar ishtirokida o‘z hududidagi uran zaxiralarini qisqartirish niyatida, - deya qayd etadi gazeta. - Buning evaziga Eron AQShdan moliyaviy va bank sanksiyalarini, neft savdosiga qo‘yilgan embargoni bekor qilishni talab qildi”.

Muzokaralar Umonning Jenevadagi elchisi qarorgohida mamlakat tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiy boshchiligida bo‘lib o‘tdi, u ham avvalgi raundlarda vositachilik qilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish