Mushkul vaziyatga tushib qolgan ona va bola Novosibirskdan vatanimizga qaytarildi
Fevral 18, 2026. 10:49 • 54 soniya
• 6
NOVOSIBIRSK, 18-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan hamyurtlarimiz – ona va uning yosh qizini Vatanga qaytarish bo‘yicha navbatdagi kechiktirib bo‘lmaydigan amaliy chora-tadbir amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Aniqlanishicha, yosh ona Rossiyaning migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Novosibirsk huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan va Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Qizcha bu vaqt davomida Novosibirskdagi “Oila” oila va bolalarga yordam ko‘rsatish markazida, bosh konsul nazorati ostida bo‘lgan.
Bosh konsulxona diplomatlarining tezkor harakatlari natijasida qizaloq uchun barcha zarur hujjatlar olindi. U 2026-yil 17-fevral kuni konsulxona xodimlari tomonidan Novosibirsk xalqaro aeroportiga olib kelindi va u yerda onasi bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘sha kuni ona va bola “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining “Novosibirsk–Farg‘ona” reysi bilan Vatanga qaytarildi.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolarining huquq va manfaatlarini xalqaro majburiyatlar va qabul qiluvchi davlatlar qonunchiligiga rioya qilgan holda himoya qilishga qaratilgan izchil siyosatini aks ettiradi. Shu bilan birga, xorijga ketayotgan fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish va migratsiya rejimi buzilishining oldini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
