AQSH va Kanada savdo muzokaralarini kelishuvsiz yakunladi

Avgust 22, 2026. 12:30 • 2 daq

190
AQSH va Kanada savdo muzokaralarini kelishuvsiz yakunladi

VASHINGTON–OTTAVA, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH va Kanada o‘rtasidagi navbatdagi savdo muzokaralari kelishuvsiz yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Axios” axborot portali xabar berishicha, Vashington Kanadadan import qilinadigan qator tovarlarga, ayrim hollarda 50 foizgacha bo‘lgan bojlarni joriy etgan.

Shundan so‘ng, Kanada Bosh vaziri Mark Karni muzokaralarni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilinganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bunga AQSH tomonidan kelishuv shartlariga so‘nggi daqiqada kiritilgan adolatsiz va iqtisodiy jihatdan asossiz o‘zgartishlar sabab bo‘lgan.

AQSH savdo vakili Jeymison Grir esa muzokaralarni yakunlashdan aynan Kanada bosh tortganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ottava avval kelishilgan shartlarga nisbatan yangi talablarni ilgari surgan va bir qator majburiyatlaridan chekingan.

Qayd etilishicha, tariflar Kanadadan AQSHga olib kiriladigan vino, sut, sement va kiyim-kechak mahsulotlari hamda xokkey jihozlarini qamrab olgan. Biroq Kanadaning asosiy eksport mahsulotlari — energetika resurslari, kaliyli o‘g‘itlar va strategik ahamiyatga ega minerallar yangi bojlardan ozod etilgan.

Ottava bunga javoban AQSH tovarlariga “dollarga dollar” tamoyili asosida bojlar joriy etishini bildirdi.

Avvalroq tomonlar AQSHning Kanada po‘lati va alyuminiyiga nisbatan 50 foizlik tariflarini 25 foizgacha, avtomobillarga nisbatan 25 foizlik bojlarni esa 15 foizgacha pasaytirish masalalarini muhokama qilgan edi. Savdo muzokaralari Prezident Donald Tramp ma’muriyatining tarif siyosati fonida bir yildan ortiq vaqt davom etdi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning birinchi yarmida AQSH va Kanada o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 376 milliard dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, Kanada Meksikadan keyin AQSHning ikkinchi yirik savdo hamkori hisoblanadi.

Ayni paytda Vashington Meksika bilan ham savdo muzokaralarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish

So‘nggi yangiliklar

Barchasi