AQSh Xalqaro jinoiy sud prezidenti va katta prokuroriga qarshi sanksiyalar joriy etdi
Avgust 20, 2026. 14:00 • 2 daq
• 184
VASHINGTON, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh Xalqaro jinoiy sud (XJS) prezidenti Tomoko Akane va katta prokurori Abdulay Seyega qarshi sanksiyalar joriy qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Davlat departamenti bayonotiga tayanib.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio taʼkidlashicha, Tomoko Akane va Abdulay Seye XJS yurisdiksiyasini tan olmaydigan davlatlar mansabdor shaxslarini tergov qilish, hibsga olish, ushlab turish yoki jinoiy taʼqib qilishga qaratilgan harakatlarda bevosita ishtirok etgan.
Rubio XJSni “korrupsiyalashgan va o‘ta siyosiylashgan” tuzilma deb atab, sudni o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilishda aybladi.
XJS vakillari esa Vashingtonning ushbu qarorini qonun ustuvorligiga putur yetkazuvchi chora sifatida baholadi. Sud xodimlariga o‘z vazifalarini bajargani uchun tahdid va bosim o‘tkazilishi xalqaro huquqiy tartibotga xavf tug‘dirishi taʼkidlandi.
Joriy etilgan sanksiyalar AQShga kirishni taqiqlash, shuningdek, Amerika moliya tizimi orqali moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar qo‘yishni nazarda tutadi. Vashington avval ham XJSning bir qator mansabdor shaxslariga nisbatan shunga o‘xshash choralarni joriy etgan edi.
AQSh XJSni taʼsis etgan Rim statuti ishtirokchisi hisoblanmaydi. Iyul oyida Vashington sudga qarshi choralarni yanada kuchaytirib, XJSni AQSh suverenitetiga “nomaqbul tahdid” solishda hamda amerikalik harbiylar va razvedka xodimlari faoliyatini tergov qilishga urinishda ayblagan edi.
Bu qaror Donald Tramp maʼmuriyatining XJSga qarshi navbatdagi chorasi bo‘ldi. Avvalroq Vashington sudning kamida 11 nafar vakiliga, jumladan, to‘qqiz nafar sudyasi va bosh prokuroriga nisbatan sanksiyalar joriy qilgan. Mazkur cheklovlar aktivlarni muzlatish choralarini ham o‘z ichiga oladi.
Avvalgi sanksiyalar XJSning Afg‘onistondagi amerikalik harbiylar faoliyati bo‘yicha tergovi, G‘azodagi ehtimoliy harbiy jinoyatlar yuzasidan Isroil rahbarlarini, jumladan, Bosh vazir Binyamin Netanyahuni hibsga olishga berilgan orderlar bilan bog‘liq edi.
Iyul oyida Marko Rubio XJSga aʼzo bo‘lgan 125 davlatni suddan chiqishga chaqirib, Vashington sud faoliyatini “g‘ishtma-g‘isht buzib tashlash” niyatida ekanini maʼlum qilgan edi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi