Donald Tramp Eronni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarni jiddiy iqtisodiy oqibatlardan ogohlantirdi

Avgust 20, 2026. 16:30 • 2 daq

139
Donald Tramp Eronni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarni jiddiy iqtisodiy oqibatlardan ogohlantirdi
“EPA” agentligi surati

VASHINGTON–TEHRON, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. Prezident Donald Tramp Eronga moliyaviy yoki boshqa turdagi yordam ko‘rsatadigan davlatlar salbiy iqtisodiy oqibatlarga duch kelishi mumkinligini bildirdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

AQSH Prezidenti Tehronni misli ko‘rilmagan iqtisodiy yakkalash rejasi borligini maʼlum qildi. Biroq bu borada qanday aniq choralar ko‘rilishiga oydinlik kiritmadi. Uning taʼkidlashicha, Eronga har qanday shaklda yordam berish imkoniyatini yaratadigan davlatlarning moliyaviy muassasalari, kompaniyalari, aeroportlari va davlat tashkilotlariga nisbatan choralar ko‘rilishi mumkin.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi mazkur bayonotlarni Vashingtonning muvaffaqiyatsiz siyosatining davomi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosimni yana-da kuchaytirish AQSHni yangi muvaffaqiyatsizliklarga olib kelishi mumkin. Sanksiyalar va harbiy bosim Eronni o‘z siyosiy yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur eta olmaydi.

Donald Tramp avval ham Eron bilan qarama-qarshilik davrida NATO davlatlari va Osiyoning qator mamlakatlari tomonidan AQSHga yetarlicha ko‘mak ko‘rsatilmayotganidan noroziligini bildirgan edi. U mazkur davlatlarni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etishga chaqirib, ushbu yo‘nalishdagi harbiy va iqtisodiy xarajatlarni AQSH yolg‘iz o‘zi ko‘tarmasligi kerakligini taʼkidlagan.

Vashingtonning ushbu bayonotlari ortidan BAA Eron bilan savdo operatsiyalari, tijorat almashinuvlari va moliyaviy operatsiyalarni nomaʼlum muddatga to‘xtatishini maʼlum qildi. Qaror BAA hukumati Eron hududidan uchirilgan ikki raketa aniqlangani haqida xabar berganidan so‘ng qabul qilindi. Tehron esa mazkur xabarni asossiz deb baholadi.

Ayni paytda AQSH va Eron o‘rtasida ehtimoliy muzokaralar o‘tkazilishi borasida qarama-qarshi bayonotlar yangramoqda. Donald Tramp avvalroq Tehron bilan hech qanday aloqa yo‘qligini bildirgan bo‘lsa, uning maxsus vakili Jared Kushner muzokaralar davom etayotgani va yana-da faol tus olganini maʼlum qildi.

Avvalroq tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ikki marta kelishuvga erishilgan edi. Biroq har ikki holatda ham kelishuvlar uzoq davom etmay, yana harbiy harakatlar qayta boshlangan.

“EPA” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish