Donald Tramp shu yil oxirigacha KXDR rahbari bilan uchrashish niyatida

Avgust 20, 2026. 17:30 • 2 daq

137
Donald Tramp shu yil oxirigacha KXDR rahbari bilan uchrashish niyatida

VASHINGTON, 20-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh Prezidenti Donald Tramp 2026-yil oxirigacha KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashib, Pxenyan yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklash niyatida ekanini taʼkidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Fox News” maʼlumotiga tayanib.

Prezident jurnalistlarning ehtimoliy uchrashuv haqidagi savoliga ijobiy javob berdi. U aloqalarni tiklashga bo‘lgan urinishlardan so‘ng Kim Chen Indan javob olganini maʼlum qildi. “The Wall Street Journal” nashriga ko‘ra, Amerika prezidenti o‘z yordamchilariga shu kuzda shaxsan uchrashuv tashkil etishni buyurgan.

Prezidentning bu bayonoti uning AQSh va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini qisqartirish haqidagi farmoyishidan so‘ng yangradi. Prezident ushbu mashg‘ulotlarni Pxenyanga nisbatan “mutlaqo o‘rinsiz va dushmanona” ishora deb atadi.

Shuningdek, Donald Tramp KXDR 57 ta “juda qudratli” yadroviy jangovar kallakka ega ekanini bildirdi. Shu bilan birga, AQSh Shimoliy Koreyaning yadroviy arsenaliga oid rasmiy bahoni ochiq eʼlon qilmayapti. Mutaxassislar uning miqdorini 50–60 ta jangovar kallak atrofida baholamoqda. Janubiy Koreyada esa bundan ham yuqoriroq raqamlar aytilgan.

Seul 1953-yilda sulh imzolanishi bilan to‘xtatilgan, biroq tinchlik shartnomasi tuzilmay qolgan Koreya urushiga rasman yakun yasash uchun Pxenyan bilan muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini ham maʼlum qilgan.

Ayni paytda, Shimoliy Koreya rahbarining singlisi Kim Yo Chjon Donald Tramp va uning akasi o‘rtasidagi so‘nggi aloqalar haqida hech narsa bilmasligini aytdi. Shu bilan birga, u ikki yetakchi o‘rtasidagi munosabatlarni “haqiqatan ham yaxshi” deb taʼrifladi.

Donald Tramp va Kim Chen In 2018 va 2019-yillarda bir necha bor uchrashgan, biroq KXDRni yadroviy qurolsizlantirish masalasidagi kelishmovchiliklar tufayli muzokaralar to‘xtab qolgan edi. Donald Tramp ikkinchi prezidentlik muddati davomida ham Pxenyan bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklashga intilmoqda.

“KCNA” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish