“Al-Ahram” gazetasi: O‘zbekiston islom sivilizatsiyasining yangi yuksalish markaziga aylanmoqda
Iyul 15, 2026. 14:30 • 2 daq
• 114
QOHIRA, 15-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning eng yirik kundalik “Al-Ahram” gazetasida Misr Bosh muftiysi katta maslahatchisi Ibrohim Najmning Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumidagi ishtirokiga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallifning taʼkidlashicha, “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-maʼrifat yo‘li” mavzusida o‘tkazilgan ushbu forum u kutganidan-da yuksak saviyada tashkil etilgan. Olim, ayniqsa, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi unda unutilmas taassurot qoldirganini alohida taʼkidlagan.
Maqolada muallif markazda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, ming yillik Qurʼon nusxalari va zamonaviy ekspozitsiya texnologiyalaridan hayratlanganini yozgan. Uning fikricha, bu maskanda o‘tmish va tarix shunchaki namoyish etilmagan, balki har bir eksponat zamonaviy shaklda qayta “jonlantirilgan”.
Ibrohim Najm Harvard universitetidagi talabalik yillarini eslab, “Sivilizatsiyalar to‘qnashuvi” nazariyasi haqida fikr yuritgan. Bu nazariyada Islom G‘arb uchun asosiy raqib sifatida talqin etilgan bo‘lsa-da, muallif uning ilmiy asoslariga doimo shubha bilan qaraganini qayd etadi. Uning aytishicha, Islom sivilizatsiyasi hech qachon harakatsiz bo‘lmagan yoki taraqqiyotdan ortda qolmagan.
O‘zbekistonga tashrifi davomida Ibrohim Najm bu yerdagi tarixiy va zamonaviy obidalarni, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Hakim at-Termiziy maqbarasi va islom olamini ulug‘lovchi boshqa maskanlarni ko‘zdan kechirib, islom sivilizatsiyasi va uning maʼnaviy-ilmiy merosi tobora rivojlanib, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yayotganini eʼtirof etgan.
Muallif Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Usmon musʼhafi nafaqat O‘zbekistonning, balki butun islom olamining eng qimmatli yozma meroslaridan biri ekani, Qurʼon matnining ilk davrlarda saqlanish tarixini o‘rganishda muhim manba hisoblanishini taʼkidlagan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi