Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarda cheklov qo‘ymoqchi
Iyul 14, 2026. 09:30 • 3 daq
• 121
BRYUSSEL, 14-iyul. /“Dunyo” AA/. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ekspertlar guruhining ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan foydalanuvchilar uchun yoshga doir cheklovlar joriy etishni tavsiya qiluvchi hisobotini taqdim etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “DW” nashriga tayanib.
Mutaxassislar 13 yoshdan kichik bolalarga ota-ona nazoratisiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Katta yoshdagi o‘smirlar uchun esa, agar onlayn platformalar qaramlikning shakllanishi, zo‘ravonlik sahnalari va nafrat so‘zlaridan himoyani taʼminlay olmasa, cheklovlar joriy etish tavsiya etiladi.
“Ijtimoiy tarmoqlar uchun yoshga mos cheklovlar zarurligi hech kimga sir emas. Gap bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalana olish-olmasligi haqida emas. Gap ijtimoiy tarmoqlar farzandlarimizga qachon va qanday shartlar asosida kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida ketmoqda”, – deya taʼkidladi Ursula fon der Lyayen. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikka oid takliflarni 2026 yil sentyabrigacha tayyorlash rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus Yevrokomissiyaning “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan, bolalar va o‘smirlarning ruhiy hamda jismoniy salomatligiga tahdid soluvchi xatarlarni kamaytirish” borasidagi navbatdagi qadami bo‘ldi. Umumevropa miqyosidagi yoshga doir cheklovlarni joriy etishni Daniya, Ispaniya, Gretsiya va Fransiya ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Bir qator mamlakatlarda bunday choralar allaqachon milliy darajada amal qilmoqda.
Germaniyada federal yoshlar ishlari bo‘yicha vazir Karin Prin 2027-yil oxirigacha tegishli qonun loyihasini taqdim etishga vaʼda berdi. Avvalroq, Germaniya hukumati huzuridagi ekspertlar guruhi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini butunlay taqiqlashni, ayrim xizmatlar uchun esa potensial xavflilik darajasidan kelib chiqib cheklovlar o‘rnatishni taklif qilgan edi.
Yevropa Ittifoqi (YI) mamlakatlari yoshga doir cheklovlarni mustaqil ravishda joriy etish huquqiga ega. Biroq “Instagram”, “TikTok” va “Snapchat” kabi yirik platformalarda ularga rioya etilishini Yevrokomissiya nazorat qiladi. U xizmatlar faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qilishi va qoidabuzarliklar uchun jarimalar qo‘llashi mumkin.
Hozirgi vaqtda yirik ijtimoiy tarmoqlar YI mamlakatlarida 13 yoshdan kichik foydalanuvchilarning kirishini allaqachon cheklagan. Chunki Yevropaning shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligi bu yoshdagi bolalarga o‘z shaxsiy maʼlumotlarini qayta ishlashga mustaqil ravishda rozilik berishga ruxsat etmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida Yevropa parlamenti 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi taklifni qabul qilgan edi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi