Londonda o‘tkazilgan “World Halal Food Festival 2026” festivalida o‘zbek palovi taqdim etildi

Sentabr 30, 2026. 08:10 • 2 daq

• 294
Londonda o‘tkazilgan “World Halal Food Festival 2026” festivalida o‘zbek palovi taqdim etildi

LONDON, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya poytaxtida o‘tkazilgan 12-xalqaro “World Halal Food Festival 2026” festivali doirasida mehmonlarga an’anaviy o‘zbek palovi taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur yirik gastronomik tadbirda Londondagi “Oshpaz” o‘zbek restorani jamoasi festival ishtirokchilari ko‘z o‘ngida maxsus cho‘yan qozonlarda an’anaviy uslub asosida o‘zbek palovini tayyorladi. Bu mehmonlarga nafaqat taomning betakror ta’midan bahramand bo‘lish, balki uni tayyorlash jarayoni va o‘zbek milliy oshxonasi an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

O‘zbek palovi festival mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Xushbo‘y ziravorlar, guruch, sabzi va go‘shtning o‘zaro uyg‘unligi, shuningdek, qozonda tayyorlashning milliy usuli tadbir ishtirokchilarida yorqin taassurot qoldirdi.

“World Halal Food Festival” halol mahsulotlar, gastronomiya va madaniy xilma-xillikni targ‘ib qilishga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbir hisoblanadi. 2026-yilgi festivalda 25 dan ortiq davlatdan 200 dan ortiq halol mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan tadbirga 20 mingdan ziyod kishi tashrif buyurdi.

Festivalda ishtirok etish Britaniya jamoatchiligini o‘zbek milliy oshxonasi bilan yaqinroq tanishtirish, O‘zbekistonning boy gastronomik merosini xalqaro auditoriyaga yetkazish hamda mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishga xizmat qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish