“UNA-OIC”: O‘zbekiston BMTni isloh qilish va global muloqotni mustahkamlashga chaqirmoqda

Sentabr 30, 2026. 18:00 • 3 daq

• 21
“UNA-OIC”: O‘zbekiston BMTni isloh qilish va global muloqotni mustahkamlashga chaqirmoqda

AR-RIYOZ, 30-sentabr. /“Dunyo” AA/. Islom hamkorlik tashkilotining Axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) saytida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasidagi nutqiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, turli urushlar, geopolitik taranglik, ishonchning susayishi va tengsizlik kuchaygan bir sharoitda O‘zbekiston ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqot yo‘lini tanlagan bo‘lib, davlat siyosatining bosh mezoni inson qadr-qimmati hisoblanadi. 

Maqolada nutqning o‘zbek tilida sekin-asta yangragani, unda BMTning mojarolarni oldini olish qobiliyatini mustahkamlash, qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash hamda tashkilotni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan “OON-80” (“BMT-80”) tashabbusini qo‘llab-quvvatlash masalalari qamrab olingani ta’kidlangan. Shuningdek, O‘zbekiston Xavfsizlik Kengashini kengaytirish tarafdori ekani va kelasi yili Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgani alohida qayd etilgan.

Nashrda Markaziy Osiyoda sodir bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga ham katta o‘rin berilgan. Xususan, yetakchilarning siyosiy irodasi tufayli chegara va suv resurslari bo‘yicha sobiq kelishmovchiliklar o‘rnini amaliy sheriklik egallayotgani, shuningdek, Afg‘onistonga nisbatan faqat kuch ishlatishga asoslangan yondashuvdan voz kechib, afg‘on xalqining tinch hayot kechirishi uchun sharoit yaratishga ko‘maklashish zarurligi urg‘ulangan.

Materialda mamlakatimizda amalga oshirilgan ichki islohotlarning salmoqli natijalariga ham e’tibor qaratilgan. Xususan, so‘nggi o‘n yil ichida iqtisodiyot hajmi 50 milliard dollardan 147 milliard dollarga yetgani, xorijiy investitsiyalar miqdori 150 milliard dollardan oshgani, eksport qariyb uch baravar ko‘paygani, qashshoqlik darajasi 4 foizgacha kamaygani keltirilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim bilan qamrov 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan qariyb 50 foizga yetgani, o‘rtacha umr ko‘rish esa 66 yoshdan 75 yoshdan oshgani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, UNA-OIC ekologlik kun tartibiga, jumladan, Orol dengizining qurigan tubida yashil maydonlarni barpo etish, 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energetika ulushini 54 foizga yetkazish hamda 2027–2036-yillarni O‘rmon barpo etish bo‘yicha harakatlar o‘n yilligi deb e’lon qilish tashabbusiga urg‘u bergan. Shu bilan birga, bolalar va tizimli majburiy mehnatga barham berilgani, parlamentda ayollar ulushi 39 foizga yetkazilgani, sun’iy intellektni mas’uliyatli qo‘llash bo‘yicha xalqaro muloqot yo‘lga qo‘yilgani va Toshkent xalqaro moliya markazi huzurida ingliz huquqi tamoyillari asosida Xalqaro tijorat sudi tashkil etilgani e’tirof etilgan.

Yakunda xalqaro hamkorlik va texnologiyalar inson qadr-qimmatini asrab-avaylashga xizmat qilishi kerakligi, O‘zbekiston esa global miqyosda madaniyatlararo va dinlararo muloqot, ma’rifat hamda bag‘rikenglikni rivojlantirishga bundan buyon ham faol hissa qo‘shish niyatida ekani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish