Yaman parlamenti husiylar hujumi fonida umumiy safarbarlikni ma’qulladi

Sentabr 29, 2026. 18:48 • 2 daq

• 177
Yaman parlamenti husiylar hujumi fonida umumiy safarbarlikni ma’qulladi
“AP” agentligi surati

SANO, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. Yaman Vakillar palatasi (parlamenti) mamlakat g‘arbida husiylarning oldinga siljishi va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi fonida umumiy safarbarlik e’lon qilinishini ma’qulladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Yamanning “SABA” axborot agentligiga tayanib.

Qaror Yaman Prezidentlik rahbarlik kengashi raisi va Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Rishod al-Alimining murojaatiga binoan, parlament spikeri Sulton al-Barakoniy raisligida videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda qabul qilindi.

Ta’kidlanishicha, safarbarlik tinch aholi, konstitutsiyaviy tuzum, mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun e’lon qilingan. U mazkur qarorni joriy etish uchun asos bo‘lgan holatlar barham topgunga qadar amal qiladi.

Rishod al-Alimi aholini husiylarga qarshi kurashda ishtirok etishga chaqirdi va hukumatning butun mamlakat hududi, jumladan, 2014-yildan beri harakat nazorati ostida bo‘lgan poytaxt Sano shahri ustidan nazoratni tiklash niyatini bildirdi.

Shu bilan birga, rasmiylar hukumat tomoniga o‘tadigan husiy jangchilariga amnistiya taklif qildi. Tahlilchilarning fikricha, ushbu chora harakat saflarini zaiflashtirish va mojaroning yana-da kuchayishi xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Parlament qaroriga husiylarning Yamanning g‘arbiy hududlaridagi so‘nggi muvaffaqiyatlari, jumladan, Moxa va Mayyun orolini bosib olishi ta’sir ko‘rsatdi. Hukumat kuchlari jahon dengiz savdosi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi hududida ham o‘z mavqeini yo‘qotdi.

Keskinlashuv Yamanning xalqaro tan olingan hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi Saudiya Arabistoniga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ar-Riyod ma’lumotlariga ko‘ra, husiylar qirollik hududiga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlaridan zarbalar bergan.

Shu munosabat bilan Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston harbiy rahbarlarning favqulodda uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldi. Shu bilan birga, bu mamlakatlarning Yaman mojarosidagi ehtimoliy ishtiroki ko‘lami hali aniqlanmagan.

Avgust oyida Turkiya, Saudiya Arabistoni va Pokiston Makkada qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi bitimni imzolagan. Unga ko‘ra, a’zo davlatlardan biriga qurolli hujum alyansning barcha a’zolariga hujum sifatida baholanadi (NATO nizomining 5-moddasiga o‘xshash).

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish