AQSh Iroqdan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqdi

Sentabr 28, 2026. 20:00 • 2 daq

• 143
AQSh Iroqdan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqdi

BAG‘DOD, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bag‘dod AQSh qo‘shinlari Iroq hududidan to‘liq olib chiqilganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “DW News”ga tayanib.

Iroq hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning barcha jangovar bo‘linmalari va logistik qo‘llab-quvvatlash kuchlari mamlakatni tark etgan. Xabar e’lon qilingan vaqtda Vashington bu ma’lumotni rasman tasdiqlamagan edi.

Amerika qo‘shinlarini olib chiqish bo‘yicha AQSh va Iroq 2024-yilda kelishib olgan edi. So‘nggi yillarda mamlakatda 2,5 mingga yaqin amerikalik harbiy xizmatchi bo‘lgan.

AQShning so‘nggi bo‘linmalari Erbilda, Bag‘dod aeroporti yaqinidagi harbiy baza va poytaxtning “yashil zonasi” – hukumat dahasida joylashgan edi.

2014-yildan beri AQSh va uning ittifoqchilari Iroq va Suriyada “Islom davlati” terrorchilik tashkilotiga qarshi operatsiyalar o‘tkazib kelgan. Guruhning asosiy kuchlari tor-mor qilingan bo‘lsa-da, uning ayrim yacheykalari mintaqada harakat qilishda davom etmoqda.

Amerika qo‘shinlarining olib chiqilishi fonida 28-sentabr kuni Iroqda “Mustaqillik kuni” deb ataladigan tadbirlar o‘tkazilmoqda. Davlat idoralari shu kuni yopiq bo‘ladi.

Eron bilan bog‘liq qurolli guruhlarning kelgusida mamlakatda qolishi masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda. Ularni qurolsizlantirish va davlat kuch tuzilmalariga integratsiya qilish Amerika qo‘shinlari ketganidan keyin amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi.

Biroq Iroqning yangi bosh vaziri Ali az-Zaydiy bu choralar 2027-yilning iyunigacha kechiktirilishini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil iyul oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Iroqning yangi bosh vazirini qabul qilish chog‘ida Amerika qo‘shinlari 30 sentyabrgacha Iroqni to‘liq tark etishini ta’kidlagandi.

“AFP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish