Logo

Mozori Sharifda Alisher Navoiy yodgorligi uchun tamal toshi qo‘yildi

Fevral 17, 2026. 11:00 • 56 soniya

129
Mozori Sharifda Alisher Navoiy yodgorligi uchun tamal toshi qo‘yildi
Mozori Sharifda Alisher Navoiy yodgorligi uchun tamal toshi qo‘yildi

MOZORI SHARIF, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Kecha Afg‘onistonning Mozori Sharif shahridagi Chavki-Qalai-G‘aziyon hududida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy sharafiga barpo etiladigan yodgorlik qurilishining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur loyiha Afg‘onistonda istiqomat qiluvchi o‘zbek vatandoshlarimiz o‘rtasida milliy maʼnaviyatni mustahkamlash, boy adabiy merosni targ‘ib qilish hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi. Marosimda mahalliy o‘zbek jamoatchiligi vakillari, Balx davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, “Nabizoda” jamg‘armasi rahbari Kamol Nabizoda hamda O‘zbekiston konsulxonasi xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar taʼkidlaganidek, Alisher Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki Afg‘onistondagi barcha millatlar madaniyatida alohida o‘rin tutadi. Uning insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Shu bois, Mozori Sharifda bunday yodgorlikning qad ko‘tarishi afg‘on o‘zbeklari hayotida muhim tarixiy voqea sifatida baholandi.

Taniqli shoir Abdulqodir Hamidiy va “Bobur” jamg‘armasi rahbari Muhammad Nabi o‘z chiqishlarida ushbu loyiha milliy o‘zlikni anglashni mustahkamlash va tarixiy xotirani asrashga xizmat qilishini qayd etdilar. Marosim yakunida yodgorlik qurilishiga rasman start berildi. Ushbu madaniy obyekt O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikning yangi ramziga aylanishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish