O'zbekistonda "Yagona investitsiya platformasi" axborot tizimini joriy qilinadi

Iyul 21, 2025. 07:15 • 2 daq

351
O'zbekistonda "Yagona investitsiya platformasi" axborot tizimini joriy qilinadi

TOSHKENT, 21-iyul. /Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta'minlash vazifalari tasdiqlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bu haqda O'zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan "Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi  qarorda so'z boradi.

Hujjatda 2025-yil 11-iyun kuni o'tkazilgan O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisi doirasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning amalga oshirilishini ta'minlash bo'yicha muhim vazifalar belgilangan.

Jumladan, davlatimiz rahbari huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi yalpi majlisida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo'yicha harakatlar rejasi va Xorijiy investorlar kengashi O'zbekiston tomonining yangilangan tarkibi tasdiqlanmoqda.

Bunda Xorijiy investorlar kengashiga uning huzurida yo'nalishlar bo'yicha ishchi guruhlar tashkil qilish hamda ularning tarkibiga vazirlik va idoralar rahbarlari (xodimlari)ni jalb qilish huquqi berilyapti.

Qarorda Kengash kotibiyati va ishchi guruhlar faoliyatini takomillashtirish muhimligi ta'kidlagan va Kengash a'zolari hamda xalqaro moliya institutlarining takliflari inobatga olingan.

Qayd etilishicha, Kengash kotibiyati nodavlat notijorat tashkilot sifatida tashkil etiladi va uning a'zoligiga xalqaro moliya institutlarini ham jalb qilinadi.

Kengash kotibiyati xorijiy investorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri ishlash orqali mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash bo'yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiya mablag'larini jalb qilishga ko'maklashadi.

Shuningdek, Kengash kotibiyati hamda ishchi guruhlarning faoliyati natijalari haqida har chorak yakuni bo'yicha O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot berish tizimi yaratiladi.

Ishchi guruhlar har oyda Kengash kotibiyati bilan hamkorlikda harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o'tkazib boradi hamda investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan qarorga muvofiq endilikda "Yagona investitsiya platformasi" axborot tizimini joriy qilinadi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish