BAA kompaniyasi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirmoqda
Iyun 03, 2026. 15:25 • 2 daq
• 83
ABU-DABI, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari tomonidan “NMC Healthcare” kompaniyasi bosh direktori Devid Hedli bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralar davomida BAA vakillariga O‘zbekistonda tibbiyot tizimini rivojlantirish, xalqaro standartlar hamda zamonaviy uskunalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taqdim etildi. Shuningdek, xorijiy sheriklarga Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida zamonaviy shifoxonalar barpo etish, respublikaning chegara hududlarida tibbiyot markazlari va klinikalarni tashkil etish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari taklif qilindi.
Uchrashuv yakunida BAA tomoni taqdim etilgan loyihaviy takliflarni atroflicha o‘rganib chiqib, ikki hafta muddat ichida ustuvor yo‘nalishni tanlashi va uni tahlil qilish ishlarini boshlashi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, “NMC Healthcare” vakillari bo‘lajak Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etadigan bo‘ldi. Forum doirasida amirlik investorlarining O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralari tashkil etiladi.
1975-yilda tashkil etilgan “NMC Healthcare” BAAning eng yirik xususiy tibbiyot guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya 70 ga yaqin tibbiyot muassasasini (9 ta shifoxona va o‘nlab klinikalar) birlashtirgan bo‘lib, 50 dan ortiq tibbiy yo‘nalishda yiliga 5,5 milliondan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




