Qayrat Saribay: Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda
Iyun 04, 2026. 20:25 • 3 daq
• 89
TOSHKЕNT, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash bosh kotibi Qayrat Saribay “Dunyo” AAga poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining ikkinchi yig‘ilishi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– O‘zaro bog‘liqlik turli iqtisodiy tizimlar va bozorlar o‘rtasidagi hamkorlik asosini tashkil etadi. Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yilda ilgari surilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik tashabbusi bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Termiz muloqoti aynan shu ezgu g‘oyalarni amaliy mazmun bilan boyitib, mintaqa davlatlari va xalqaro tashkilotlar vakillarini yagona maydonda birlashtirmoqda. Shu bois, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) ham mazkur muhim tadbirda ishtirok etmoqda. Chunonchi, Termiz muloqoti va OHICHKning maqsadlari o‘zaro hamohang bo‘lib, har ikki platforma davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
Siyosiy qarashlari, iqtisodiy taraqqiyot darajasi, madaniy va tarixiy xususiyatlari turlicha bo‘lishiga qaramasdan, Osiyo xalqlarini muloqot va hamkorlikka intilish birlashtiradi. Muloqot orqali o‘zaro manfaatli hamkorlik sohalari aniqlanadi, iqtisodiy o‘sish va madaniy almashinuv uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi. Bu esa, o‘z navbatida, tinchlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Iqtisodiy va madaniy aloqalar kengaygan sari davlatlar o‘rtasida ularni ajratib turadigan omillardan ko‘ra, birlashtiruvchi manfaatlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.
Turli madaniy meros va an’analarga ega davlatlarning umumiy maqsadlar yo‘lida yaqinlashuvi bugun har qachongidan ham muhimdir. Bu borada Termiz muloqoti o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash uchun eng samarali maydonlardan biri hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston hukumatining Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni izchil amalga oshirayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Davlat rahbarining mintaqada integratsiya, hamkorlik va taraqqiyotga qaratilgan g‘oyalari keng qo‘llab-quvvatlanmoqda hamda amaliy natijalar bermoqda.
O‘tgan yili Farg‘onada o‘tkazilgan Tinchlik forumida ishtirok etdim. Menimcha, Markaziy Osiyodan taralayotgan tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot g‘oyalari butun Osiyo uchun muhim turtki bo‘lmoqda. Qit’amizning markazida barqarorlik va farovonlikni ta’minlash orqali mintaqada saqlanib qolayotgan nizolarni bartaraf etish uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Bugun Markaziy Osiyodan butun mintaqani birlashtiruvchi tinchlik, hamkorlik va rivojlanish g‘oyalari ilgari surilmoqda. Bu jarayon esa nafaqat mintaqa, balki butun Osiyo kelajagi uchun ham katta rol o‘ynaydi.
O‘zbekistonga Termiz muloqotining tashabbuskori va tashkilotchisi sifatida samimiy minnatdorlik bildiramiz. Zero, bugun ushbu maydonda ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarining o‘zaro bog‘liqlik masalalarini muhokama qilish uchun birlashgani muhim ahamiyatga ega.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Kaxa Imnadze: Termiz muloqoti muhim xalqaro kelishuv va amaliy hamkorlik platformaga aylanmoqda

Inger Andersen: O‘zbekiston atrof-muhit muhofazasi va barqaror rivojlanish masalalarida yetakchilikni namoyon etmoqda


