O‘zbekiston va Pokiston onkologiya va yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun yuqori texnologiyali dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi
Aprel 06, 2026. 18:00 • 2 daq
• 68
ISLOMOBOD, 6-aprel. / “Dunyo” AA /. O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov, Pokistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi elchisi, “The Searle Company Limited” kompaniyasi direktori Said Nadim Ahmed o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan onlayn suhbatda ishtirokchilar ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va O‘zbekiston farmatsevtika bozorining yuqori investitsiyaviy jozibadorligini atroflicha muhokama qilgan.
Muloqot jarayonida farmatsevtika tarmog‘ini tartibga solish mexanizmlari, huquqiy asoslar hamda respublikada xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Said Nadim Ahmed O‘zbekiston farmatsevtika sektori salohiyatini yuqori baholab, bozor imkoniyatlarini puxta o‘rganib chiqqanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda kompaniya yurak-qon tomir, onkologik va metabolik kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan yangi avlod dori vositalarini ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali korxonani ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ayni paytda ishlab chiqarish uchun eng maqbul hududni tanlash jarayoni ketmoqda. Bunda Toshkent shahri Lahor va Ar-Riyod bilan bir qatorda ustuvor manzillardan biri sifatida o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, xalqaro konsalting kompaniyalari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish ustida ish olib boryapti.
Pokiston vakili zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o‘nlab million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilinishi rejalashtirilganini maʼlum qildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston vakillarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berildi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi loyihani amalga oshirishning har bir bosqichida faol amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini maʼlum qildi.
Uchrashuv yakunida mazkur investitsiya loyihasini bevosita O‘zbekiston hududida amalga oshirish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida “The Searle Company Limited” kompaniyasi delegatsiyasining Toshkentga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi