O‘zbekiston va Shvetsiya migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzoladi
Iyun 10, 2026. 22:00 • 2 daq
• 106TOSHKENT, 10-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov bugun Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Diana Yanse bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, migratsiya, ta’lim, innovatsiyalar, farmatsevtika, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokamasi davomida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, shved kompaniyalarining O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlaridagi ishtirokini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muhokamasi doirasida xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani ta’minlash, mehnat migratsiyasi uchun yangi imkoniyatlar yaratish, migrantlarga ko‘rsatiladigan konsullik xizmatlarini takomillashtirish va inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:
– O‘zbekiston bilan Shvetsiya xukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim;
– O‘zbekiston bilan Shvetsiya hukumatlari o‘rtasida qonuniy migratsiya va akademik almashuvlarni osonlashtirishga yo‘naltirilgan migratsiya va mobillik pilot dasturini tashkil etish to‘g‘risidagi Qo‘shma anglashuv deklaratsiyasi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

