Minskda O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi
Iyul 07, 2026. 11:44 • 2 daq
• 134
TOSHKENT, 7-iyul. /“Dunyo” AA/. Kecha Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmanov, Belarus delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Utyupin boshchilik qildi.
Ochiq va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar davomida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekiston–Belarus munosabatlarining jadal rivojlanayotgani hamda ko‘p qirrali hamkorlik izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Asosiy yutuqlar sifatida faol siyosiy muloqot, parlamentlararo aloqalarning rivojlanishi, o‘zaro savdo hajmining barqaror o‘sishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va farmatsevtika sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarning samaradorligi, madaniy-gumanitar almashinuvlarning chuqurlashuvi hamda ko‘p tomonlama maydonlardagi konstruktiv hamkorlik alohida taʼkidlandi.
Tomonlar tashqi ishlar vazirliklari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi har tomonlama va o‘zaro manfaatli sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga faol ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.
Oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi jarayonini ko‘rib chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bo‘lajak tadbirlar va tashriflarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi