Qozog‘istonning yangi elchisi Toshkentga keldi

Iyul 27, 2026. 20:30 • 2 daq

22
Qozog‘istonning yangi elchisi Toshkentga keldi

TOSHKENT, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Qozog‘istonning yangi elchisi Yerali Tug‘janovni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi Yerali Tugjanov janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Qardosh Qozog‘iston bilan erishilgan strategik sheriklik va ittifoqchilikning yuksak darajasini alohida qadrlaymiz. Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli muloqot va mustahkam siyosiy iroda tufayli bugun O‘zbekiston–Qozog‘iston munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib bormoqda.

Suhbatimiz davomida o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasi, hududlararo aloqalar, transport va logistika sohalaridagi qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildik.

Elchi janoblariga O‘zbekistondagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidentining farmoni bilan O‘zbekistondagi elchi etib tayinlangan Yerali Tug‘janov bu lavozimda 2022-yildan buyon Toshkentdagi elchixonaga rahbarlik qilib kelgan Beybut Atamqulovning o‘rnini egalladi.

Yerali Tug‘janov 63 yoshda. Toshkentga tayinlangunga qadar u Qozog‘iston Bosh vazirining maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Bundan avval Prezident Administratsiyasida ishlagan, Mang‘istau va Aqto‘be viloyatlari hokimi bo‘lgan, Qozog‘iston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga rahbarlik qilgan, Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida mehnat qilgan.


“Dunyo” AA surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish