O‘zbekiston Prezidenti raisligida energetika tarmog‘ida boshqaruv va mas’uliyatni kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

Iyul 27, 2026. 19:10 • 5 daq

19
O‘zbekiston Prezidenti raisligida energetika tarmog‘ida boshqaruv va mas’uliyatni kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi

TOSHKENT, 27-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi so‘nggi o‘n yilda energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi. Sohaga xususiy sektor va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun zarur huquqiy va tashkiliy sharoitlar yaratildi.

Natijada energetika tarmog‘iga 23 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi, joylarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt bo‘lgan elektr stansiyalari ishga tushirildi. Elektr va gaz tarmoqlari, podstansiyalar, transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini yangilashga 30 trillion so‘m yo‘naltirildi.

Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, tizimni boshqarish, joylarda talab va ijro intizomini ta’minlash bo‘yicha jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

– Ochiq aytish kerak. Energetikada muammo mablag‘da emas, chunki qancha kerak bo‘lsa, topib beryapmiz. Muammo tizimning boshqaruvida, – dedi Prezidentimiz.

Ayrim hududlarda infratuzilma deyarli bir xil bo‘lsa-da, elektr va gaz ta’minoti sifati keskin farq qilishi qayd etildi. Bu, avvalo, rahbarlarning talabi, nazorati va shaxsiy mas’uliyati turlicha ekani bilan izohlandi.

Joriy yilning iyun-iyul oylarida elektr tarmoqlarida 4 mingga yaqin avariya sodir bo‘lgan. Oqibatda ayrim hududlarda aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qolgan. Ayni paytda ko‘plab hududlarda iste’molning o‘sishi va infratuzilmaga tushadigan yuklama oldindan hisobga olinmagan.

Tarmoqdagi elektr energiyasi yo‘qotishlari 17,2 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan olti oyda 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yo‘qotilgan.

ASKUE va ASKUG tizimlari joriy qilinganiga qaramay, yuz minglab elektr va gaz hisoblagichlari markazlashgan tizimga ma’lumot uzatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu iste’molni to‘g‘ri hisobga olish, yo‘qotishlar va debitor qarzdorlikni kamaytirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Davlatimiz rahbari energetika tizimidagi har bir rahbarning ishi, eng avvalo, odamlarning kundalik hayotida va tadbirkorlik faoliyatida sezilishi kerakligini ta’kidladi.

Tizimdagi jiddiy kamchiliklar uchun energetika vaziri va “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari lavozimidan ozod etildi. “Milliy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” rahbarlariga yil yakunigacha sinov muddati belgilandi.

Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “O‘zenergoinspeksiya”ning yangi rahbarlari bugundan yangicha ish uslubini joriy qilishi shartligi qayd etildi.

Yig‘ilishda elektr va gaz ta’minoti bilan bog‘liq ishlarni “tumanbay” va “mahallabay” tashkil etish bo‘yicha yangi tizim belgilab berildi. Har bir hududning aholi, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy obyektlar kesimida energiya iste’moli balansi shakllantiriladi.

Qaysi mahallada tarmoq, transformator yoki gaz taqsimlash qurilmasini yangilash zarurligi aniq belgilanadi. Avariyalarni kamaytirish, hisoblagichlarni yagona tizimga ulash, energiya yo‘qotishlari va qarzdorlikni keskin qisqartirish bo‘yicha manzilli dasturlar ishlab chiqiladi.

Bu borada Yangiyo‘l tumanida namunaviy tizim yaratish vazifasi qo‘yildi. Tumandagi 51 ta mahallada aholi va tadbirkorlarning elektr hamda gazga bo‘lgan oylik, choraklik va yillik ehtiyoji to‘liq o‘rganiladi.

Zarur infratuzilma, ta’mirlash ishlari va ularni moliyalashtirish manbalari aniq reja asosida belgilanadi. Barcha ishlar 1-oktyabrgacha yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi.

Ushbu tajriba keyinchalik respublikaning barcha tuman va shaharlariga tatbiq etiladi. Energetika tizimi rahbarlari hududlardagi eng og‘ir tumanlarga biriktirilib, ishlarni mahalliy hokimliklar bilan birgalikda tashkil qiladi.

Energetika tarmog‘ida raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.

Energetika vazirligi tarkibida Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish markazi tashkil etiladi. Markaz “ishlab chiqarish – uzatish – taqsimlash – yetkazish” zanjirini to‘liq tahlil qilib, sohani rivojlantirishning muqobil ssenariylarini ishlab chiqadi.

ASKUE va ASKUG ma’lumotlari sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, shubhali iste’mol, yo‘qotish va qarzdorlik holatlarini avtomatik aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.

Shuningdek, tarmoqdagi har bir rahbar va xodim faoliyati aniq natija ko‘rsatkichlari asosida baholanadi. Bunda avariyaviy va rejali uzilishlar, yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik, quvvatlar rezervi hamda ta’mirlash dasturlarining bajarilishi asosiy mezon bo‘ladi.

Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Hozir tabiiy gaz yetkazib berish qiyin bo‘lgan 1 ming 916 ta mahalla mavjud.

Ushbu hududlardagi xonadonlarning isitish tizimini barqarorlashtirish, elektr infratuzilmasini mustahkamlash va qo‘shimcha energiyaga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash bo‘yicha aniq hisob-kitoblar tayyorlanadi. Birinchi navbatda moliyalashtirish talab etiladigan mahallalar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Tizim raqamlashtirilib, tartibga keltirilgan bo‘lsa-da, gazni o‘z vaqtida va kafolatli yetkazib berish masalasi to‘liq hal etilmagani qayd etildi.

Suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bu borada dastlab Andijon viloyatida yangi tajriba joriy etiladi.

Tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes subyektlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga esa suyultirilgan gaz xaridi uchun subsidiya beriladi.

Yil yakunigacha bu borada “Andijon tajribasi” yaratilib, keyinchalik boshqa hududlarga tatbiq etiladi.

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni yil yakunigacha rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish belgilandi.

Shuningdek, xonadonlarning real ehtiyojidan kelib chiqib, gaz ballonlari hajmini tabaqalashtirish taklif qilindi. Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Davlatimiz rahbari energetika sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida to‘xtaldi.

Hozir 25 ta texnika oliygohida energetika yo‘nalishida yiliga 5,5 ming mutaxassis tayyorlanmoqda. Biroq ta’lim amaliyot bilan yetarlicha bog‘lanmagani sababli bitiruvchining ishga kirishib ketishiga 2-3 yil vaqt ketmoqda.

Shu munosabat bilan oliy ta’lim muassasalaridagi yoqilg‘i-energetika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini to‘liq yangilash, laboratoriya va poligonlarni zamonaviy talablarga moslashtirish topshirildi.

Yangi o‘quv yilidan 3-kurs talabalarining yarmi, 4-kurs talabalarining barchasi dual ta’limga qamrab olinadi. Quyosh va shamol generatorlari, elektr zaryadlash uskunalari hamda boshqa yangi texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarni qisqa muddatlarda va sifatli amalga oshirish, tarmoqda ijro intizomi hamda shaxsiy mas’uliyatni tubdan kuchaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish