O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari va Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentdagi o‘rinbosari hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi

May 29, 2026. 11:10 • 2 daq

179
O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari va Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentdagi o‘rinbosari hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi

TOSHKENT, 29-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev kecha Tokioda Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentdagi o‘rinbosari Arfiya Eri bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Siyosiy muloqotni yana-da faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, taʼlim, innovatsiyalar, “yashil” taraqqiyot va inson kapitali sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, konsullik-huquqiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, migratsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va ikki mamlakat konsullik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston­­–Yaponiya munosabatlarini o‘zaro manfaatli va amaliy sheriklik ruhida izchil rivojlantirishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish