O'zbekiston Prezidentining Samarqand shahrida bo'lib o'tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqi Misr mediasining diqqat markazida
Noyabr 02, 2025. 15:29 • 2 daq
• 120
QOHIRA, 2-noyabr. /"Dunyo" AA/. Yaqin Sharqdagi eng yirik "MENA" hamda "Axbar al-Yaum" axborot agentliklari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida bo'lib o'tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqini keng yoritdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Prezidentining YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimidagi nutqi Misr jamoatchiligi, siyosiy, axboriy-tahliliy, ilmiy-akademik, ishbilarmon doiralari va OAV vakillari orasida katta qiziqish bilan kuzatildi.
Nashrlarda keltirilganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev o'z nutqida mazkur sessiya so'nggi 40 yil ichida ilk bor YUNESKO Bosh qarorgohidan tashqarida – ko'hna va hamisha navqiron Samarqand zaminida bo'lib o'tayotgani mamlakatimiz uchun katta iftixor ekanini qayd etgan.
"Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o'tkazilayotganini Tashkilotga a'zo davlatlarning Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli, jadal islohotlarga bo'lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasidir", – deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Misr ommaviy axborot vositalarida yoritilganidek, O'zbekiston yetakchisi YUNESKOning 80 yillik faoliyati mobaynida ta'lim, ilm-fan, madaniyat, san'at va axborot sohasida global hamkorlikni rivojlantirish, xalqlar o'rtasida o'zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholagan.
"Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g'oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o'tkazilayotganida chuqur ramziy ma'no bor. Bu qadimiy kent azaldan bashariyatning buyuk kashfiyotlari beshigi, ilm-fan, adabiyot va madaniyat gullab-yashnagan maskan bo'lgan"– dedi O'zbekiston Prezidenti.
Prezident Shavkat Mirziyoyev forum yangi hamkorlik yo'nalishlarini belgilash, o'zaro ishonch muhitini mustahkamlash va barqaror rivojlanish sohasida global hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish yo'lida muhim amaliy qadam bo'lishiga ishonch bildirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi