Logo

Germaniya poytaxtida turkiy dunyoning madaniy diplomatiyasi va Navro‘z qadriyatlari namoyish etildi

Aprel 04, 2026. 16:00 • 2 daq

47
Germaniya poytaxtida turkiy dunyoning madaniy diplomatiyasi va Navro‘z qadriyatlari namoyish etildi

BERLIN, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Germaniyadagi elchixonasida turkiy tilli davlatlarning diplomatik vakolatxonalari bilan hamkorlikda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bayram sayrida Germaniyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari, Berlinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari hamda turkiy xalqlar diasporalari faollari ishtirok etdilar.

Tantanalar doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda yurtimizning boy madaniyati, hunarmandchilik namunalari va milliy liboslari namoyish etilishi bilan birga, mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati haqida batafsil maʼlumot beruvchi materiallar taqdim etildi. O‘zbek sanʼatkorlari tomonidan ijro etilgan “Lazgi”, “Andijon polkasi” kabi jo‘shqin raqslar hamda mehmonlarga tortiq qilingan shohona o‘zbek palovi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, barchaning yuksak eʼtirofiga sazovor bo‘ldi.

Germaniya Iqtisodiy rivojlanish va tashqi savdo federal assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori Urs Unkauf mazkur tadbirni turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi madaniy rishtalarning muhim belgisi deb atadi. Uning fikricha, Navro‘z bayrami nafaqat bahor va yangilanish ramzi, balki biznes va jamoatchilik vakillari uchun bir davraga jam bo‘lib, yangi istiqbollarni belgilash uchun qulay maydondir. Assotsiatsiya rahbari barcha ishtirokchilarni sharqona yangi yil bilan qutlab, hamkorlik izchil davom etishiga ishonch bildirdi.

Berlindagi Navro‘z tantanalari turkiy dunyo mamlakatlarining madaniy diplomatiyasini mustahkamlashda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi bayram tadbirlari Germaniya jamoatchiligi orasida O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirishga, sayyohlik va madaniy almashinuvlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish