O‘zbekiston Bosh vazirining tashabbuslari turk OAVda eʼtirof qilindi
Aprel 04, 2026. 16:30 • 2 daq
• 2
ANQARA, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) hukumat rahbarlari sammitida O‘zbekiston vakillari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar turk OAV eʼtiborida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“TRT-Avaz” portalida yozilishicha, sammitda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov turkiy davlatlarning iqtisodiy va sanoat mustaqilligini mustahkamlash bo‘yicha qator strategik takliflarni bildirgan. U Tashkilot doirasida Doimiy iqtisodiy hamkorlik kengashini Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida tashkil etishni taklif qilgan.
Taʼkidlanishicha, Gabala sammitida erishilgan kelishuvlar davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Mutaxassislar hozirgi global iqtisodiy noaniqliklar sharoitida turkiy davlatlarning mustahkam institutsional tuzilmada birlashishi muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etgan.
Materialda bayon etilishicha, O‘zbekistonning tashabbuslari faqat savdo bilan cheklanmaydi. O‘zbekiston Bosh vaziri turkiy dunyo o‘z ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishi lozimligiga urg‘u bergan. Shu maqsadda, Turkiy davlatlar sanoat ittifoqini tashkil etish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini birlashtirish, strategik mineral boyliklarni qayta ishlash va qiymat zanjirini yaratish bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilish tashabbusi ilgari surilgan.
“TRT-Avaz”ning taʼkidlashicha, O‘zbekistonning keng qamrovli tashabbuslari turkiy dunyoni Yevroosiyoda texnologik va sanoat jihatdan mustaqil, qudratli hamkorlik platformasiga aylanishiga zamin yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi