Logo

Surxondaryoda uch ming yillik tarixga ega shahar qoldiqlari topildi

Aprel 01, 2026. 08:15 • 2 daq

2068
Surxondaryoda uch ming yillik tarixga ega shahar qoldiqlari topildi

ANQARA, 4-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Xitoy arxeologlari Surxondaryo viloyatida taxminan uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan qadimiy shahar qoldiqlarini topdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” agentligi Turkiyaning “Habergo” portaliga tayanib.

Bandixon II arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida olimlar miloddan avvalgi X asrda barpo etilgan va VIII asrgacha mavjud bo‘lgan aholi manzili izlarini aniqlagan.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bu topilma ilk temir davridagi aholi punktlari qanday qurilgani va qanaqa vazifalarni bajarganini tushunishga yordam beradi. Yodgorlikning sharqiy qismidagi qazishmalar ham quyi madaniy qatlamlar aynan shu davrga tegishli ekanini tasdiqlaydi. Bu joy Bandixon vohasidagi eng yirik va yaxshi saqlangan turar-joy majmualaridan biri hisoblanadi.

Surxondaryo viloyati O‘zbekistondagi eng boy arxeologik hududlardan biri bo‘lib, bu yerda ko‘plab temir davriga oid yodgorliklar mavjud. Yangi topilma mintaqa tarixini yana-da chuqurroq o‘rganishga yordam beradi.

Olimlar fikricha, topilgan meʼmoriy qoldiqlar va artefaktlar orqali qadimgi odamlarning kundalik hayoti, ijtimoiy munosabatlari va texnologiyalari haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Bu manzilgoh Markaziy Osiyodagi qadimgi savdo yo‘llari va madaniy aloqalarda muhim o‘rin tutgan bo‘lishi mumkin.

Arxeologik tadqiqotlar davom ettirilishi orqali yana-da ko‘proq ilmiy maʼlumotlar olinishi va mintaqa tarixi haqidagi bilimlar boyitilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish