Chexiya turoperatorlari 2027-yildan boshlab O‘zbekistonni o‘z sayyohlik dasturlariga kiritishni rejalashtirmoqda
Noyabr 26, 2026. 17:00 • 2 daq
• 21PRAGA, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida 18–25-noyabr kunlari ilk bor Chexiya turoperatorlari va sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi (AČCKA) tarkibiga kiruvchi Chexiya turistik kompaniyalari delegatsiyasining O‘zbekistonga tanishuv tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Chexiya turizm sohasi vakillari Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turizm infratuzilmasi, mehmonxona va transport xizmatlari, shuningdek, milliy taomlari bilan yaqindan tanishdi. Bunda sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish, jumladan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlardan foydalanish imkoniyatlari hamda xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sharoitlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyev bilan uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Chexiya bozorida targ‘ib qilish va yangi turistik mahsulotlarni ishlab chiqish masalalarini muhokama qildi.
Tashrifning muhim amaliy natijasi sifatida ishtirokchilarning aksariyati 2027-yildan boshlab o‘z mijozlariga O‘zbekiston bo‘ylab turistik paketlarni taklif etish va mamlakatimizga sayohatlar tashkil qilish niyatini bildirdi. Turistik obyektlar, mehmonxona va transport infratuzilmasi bilan bevosita tanishuv chexiyalik mutaxassislarga O‘zbekiston imkoniyatlari haqida yanada to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini berdi va ularning kelgusidagi hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini mustahkamladi.
Safardan olingan taassurotlar Chexiya tomonidan ham keng yoritilmoqda. Xususan, AČCKA ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ishtirokchilar fikrlari bilan o‘rtoqlashib, O‘zbekistonni nafaqat tarixga sayohat, balki yorqin kelajakka ega sayyohlik yo‘nalishi sifatida e’tirof etdi va uni chexiyalik sayyohlar orasida yanada keng targ‘ib qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




