O‘zbek ijodkorlari yaratgan animatsion film Turkiya kinoteatrlarida namoyish etiladi
Noyabr 26, 2026. 15:30 • 2 daq
• 141
ISTANBUL, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. Istanbul shahridagi “Torun Center” majmuasida o‘zbekistonlik ijodkorlar tomonidan yaratilgan “Sehrlandiya: qahramonlik missiyasi” animatsion filmining maxsus namoyishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu taqdimot tadbiri O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda “Gul Production” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimot marosimida Turkiyadagi O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik jamiyati, Yoshlar assotsiatsiyasining ushbu davlatdagi vakillari, NNT xodimlari, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston hamda Belarusning Istanbuldagi bosh konsullari oila a’zolari bilan ishtirok etdi.
Bolalar kontentini rivojlantirish markazi buyurtmasiga ko‘ra “Lola Animation” studiyasi va “Najot ta’lim” tomonidan yaratilgan mazkur filmda do‘stlik, jasorat, mas’uliyat va o‘zaro yordam g‘oyalari yosh tomoshabinlarga mos badiiy vositalar orqali yoritilgan. Film 2026-yil 27-noyabrdan boshlab Turkiya kinoteatrlarida “Sihirlandiya: kahramanlik Görevi” nomi bilan namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Turkiyalik bolalar film qahramonlarining sarguzashtlarini kuzatar ekan, “Jaloliddin”, “Temur”, “Ulug‘bek” va “Bobur” ismlarini eshitadi. Bu nomlar orqali ularda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimizga qiziqish uyg‘onadi.
Filmda o‘zbek milliy kuylaridan parchalar yangrashi bolalarga o‘zbek musiqa merosini his etish imkonini beradi. Shu tariqa, milliy kuylarimiz va tariximiz bilan bog‘liq ma’lumotlar Turkiya kinoekranlari orqali eng yosh tomoshabinlarga yetib boradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi