O‘zbekiston delegatsiyasi ShHTning sivilizatsiyalar muloqoti forumida ishtirok etdi
Noyabr 26, 2026. 16:30 • 3 daq
•DЕHLI, 26-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov boshchiligidagi delegatsiya Hindistonda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sivilizatsiyalar muloqoti birinchi forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda 22 mamlakatdan 116 nafar vakil, jumladan, vazirlar, diplomatlar, olimlar va madaniy meros sohasi mutaxassislari qatnashdi.
Hindiston Madaniyat vazirligi hamda Indira Gandi nomidagi Milliy san’at markazi hamkorligida tashkil etilgan forumda madaniy xilma-xillikni asrash, xalqlar o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni mustahkamlash va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Forumning ochilish marosimida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi “Butun dunyo – yagona oila” konsepsiyasining mezonlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, madaniy-tarixiy hamkorlik Yevroosiyoda tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Hindiston madaniyat va turizm vaziri Gajendra Singh Shekhavat umumiy madaniy merosni asrab-avaylashga yoshlar, hunarmandlar va ilmiy jamoatchilikni keng jalb etish zarurligini ma’lum qildi.
Forum doirasida sivilizatsion va madaniy qadriyatlar, san’at va me’morchilik, til, adabiyot va qo‘lyozmalar, diniy-falsafiy an’analarga bag‘ishlangan sessiyalar tashkil etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z chiqishida Markaziy Osiyo va Hindiston xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy-ma’naviy aloqalarni mustahkamlashda Buyuk ipak yo‘lining tarixiy o‘rniga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, mamlakatimizda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish, muzeylar faoliyatini rivojlantirish va nomoddiy madaniy merosni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuvlarda madaniy merosni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, tarixiy obidalar va qo‘lyozmalarni asrab-avaylash, madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish hamda YUNЕSKO ro‘yxatiga qo‘shma nominatsiyalar kiritish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida Sanjar Bobojonov Hindiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Vivek Agarval bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralarda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining joriy yil 29–30-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida madaniy-gumanitar sohada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, ikki mamlakat Madaniyat kunlarini o‘tkazish, ijodiy jamoalarning o‘zaro gastrollarini tashkil etish, xalqaro festivallarda ishtirok etish va qo‘shma muzey ko‘rgazmalarini namoyish qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Madaniyat va san’at sohasidagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda qo‘shma madaniy-turistik yo‘nalishlarni rivojlantirishga qiziqish bildirildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Hindistonning Milliy musiqa, raqs va drama akademiyasi – “Sangit Natak” rahbariyati bilan ham uchrashdi. Akademiya raisi Sandhya Purecha bilan muloqotda ikki mamlakatning ixtisoslashgan madaniyat va san’at muassasalari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish istiqbollari borasida fikr almashildi.
Tomonlar musiqa, raqs va teatr san’ati yo‘nalishlarida ijodiy jamoalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma mahorat darslari va seminarlar tashkil etish, ta’lim muassasalari hamda ijodiy uyushmalar o‘rtasida sheriklik aloqalarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Mazkur forum va ikki tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning ShHT doirasidagi madaniy hamkorligini mustahkamlash, Hindiston bilan tarixiy va ma’naviy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda san’at va madaniy meros sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



